Sana: 23.06.2021
2021 yilning 23 iyun kuni “Hilton Tashkent City” mehmonxonasida “Maxar Technologies”, “Esri” va “SpaceX” kompaniyalari ishtirokida “Discovery Day Uzbekistan” konferensiyasi o‘tkazildi.
“Discovery Day Uzbekistan” konferensiyasini o‘tkazishdan maqsad kosmos sohasidagi ilg‘or kompaniyalar bilan bilim va tajriba almashishdir. “Discovery Day Uzbekistan” konferensiyasida 100 dan ortiq O‘zbekiston Respublikasining vazirlik va idora vakillari ishtirok etdilar. “Discovery Day Uzbekistan” konferensiyasi ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi – IT-texnologiyalar, telekommunikatsiyalar va innovatsion faoliyatni rivojlantirish masalalari departamenti boshlig‘i – Olimjon Muxamadjanovich kirish so‘zi bilan ishtirok etdi.
“O‘zbekkosmos” agentligi bosh direktori v.b. Shuxrat Munavvarovich konferensiya ishtirokchilarini Agentlik faoliyati hamda kosmik texnologiyalarni joriy qilish orqali iqtisodiyotning turli sohalarida Geoaxborot maʼlumotlaridan foydalanish imkoniyatlari bilan tanishtirdi. “Maxar Technologies”, “Esri” va “SpaceX” kompaniya vakillari turli sohalardagi kosmik faoliyatning dolzarbligi hamda qishloq va suv xo‘jaligi, geologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, kartografiya, aloqa, meteorologiya, seysmologiya va shaharsozlik sohasidagi jiddiy muammolarni hal qilish bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazdi.
Mazkur tadbir yakuniga ko‘ra, iqtisodiyotning turli sohalarida muvaffaqiyatli qo‘llanib kelayotgan yechimlar asosida O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyoti tarmoqlarida ilg‘or kosmik texnologiyalarni joriy etish hamda samaradorligini oshirish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshirish kutilmoqda.