O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi kosmik sohada hukumatlararo hamkorlikni rivojlantirmoqda

Sana: 15.12.2020

«O‘zbekkosmos» agentligi delegatsiyasi 5 kunlik tashrif bilan Qozog‘iston Respublikasida bo‘lib qaytdi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi delegatsiyasi Qozog‘iston Respublikasida bo‘lib, kosmik tarmoq obyektlari bilan tanishdi. Tashrif doirasida «O‘zbekkosmos» agentligi bosh direktori vazifasini bajaruvchi Shuhrat Qodirov Qozog‘iston Respublikasining raqamli rivojlantirish, innovatsiyalar va aerokosmik sanoati qo‘mitasi vaziri Bagdat Musin bilan kosmik faoliyat sohasida muzokara olib bordi.

Uchrashuv davomida Qozog‘istonning kosmik aloqa tizimi imkoniyatlaridan foydalangan holda hamkorlikni aloqalarini keng yo‘lga qo‘yish, xususan hamkorlar tomonidan O‘zbekistonda «Kazsat » sunʼiy yo‘ldosh aloqasi va radioeshittirish tizimi xizmatlarini ko‘rsatadigan qo‘shma korxona tashkil etish taklifi muhokama qilindi.

Shuningdek, tomonlar, Qozog‘iston hamda O‘zbekiston Respublikasi hukumati o‘rtasida kosmik makonni tinch maqsadlarda o‘rganish va ulardan foydalanish sohasida hamkorlik bo‘yicha tayyorlangan bitim loyihasini muhokama qildi, hamda kelgusida istiqbolli loyihalar amalga oshirish yuzasidan muzokaralar  yakunida Qozog‘iston Respublikasining raqamli rivojlanish, innovatsiyalar va aerokosmik sanoati vazirligi Aerokosmik qo‘mitasi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi o‘rtasida kosmik faoliyat sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha Bayon imzolandi.

Tashrif chog‘ida kosmik sohada hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish maqsadida «O‘zbekkosmos» agentligi delegatsiyasi hamda Qozog‘iston Respublikasining bir qator nufuzli korxonalari bilan  hamkorlik uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi va o‘zbekistonlik mutaxassislarni qo‘shma loyihalar doirasida malaka oshirish va amaliyot o‘tashga qabul qilishini masalalari muhokama qilindi.