ICESCO kosmik ilm-fan umumjahon forumida “O‘zbekkosmos” vakillari ishtirok etdi

Sana: 09.11.2021

Joriy yilning 1–2- noyabr kunlari Ta'lim, fan va madaniyat masalalari bo'yicha Butunjahon Islom tashkiloti (ICESCO) va AQSh kosmik jamg'armasi tomonidan tashkil etilgan kosmik ilm-fan global forumi bo'lib o'tdi. Forumda kosmik ilm-fan sohasida rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlar o'rtasidagi tafovutni bartaraf etish va Islom dunyosi mamlakatlarini amaliy kosmik fanlar va tegishli sohalarga investitsiya kiritishga rag'batlantirish maqsadida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash bo'yicha bir qator yo’nalishlar muhokama qilindi.

Rabatdagi ICESCO shtab-kvartirasida videokonferensiya shaklida tashkil etilgan, "Kosmik ilm-fan kelajagi bo'yicha qo'shma tadqiqotlar" mavzusiga bag’ishlangan forumda rasmiylar, ekspertlar, siyosatchilar va kosmonavtlar ishtirok etdi. Ishtirokchilar kosmik tadqiqotlar o'tkazish va tegishli infratuzilmani rivojlantirish uchun zarur moliyaviy resurslarni jalb qilish, inson resurslarini mustahkamlash zarurligini ta'kidladilar. Shuningdek, ular Islom dunyosidagi yoshlar va ayollar uchun kosmik ilm-fan va texnologiyaga integratsiyalashuvini ta'minlash, “start-up”larni qo'llab-quvvatlash va kosmik ilm-fanning ahamiyati haqida xabardorlikni oshirish uchun rag'batlantirish zarurligiga e'tibor qaratdilar.

Shuningdek, kosmik ilm-fanni qo'llashda akademik va sanoat tarmoqlari o'rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash yo'llari muhokama qilinib, musulmonlar o’z tarixi davomida kosmik ilm-fan va innovatsiyalarga doimo e'tibor qaratishgani ta’kidlandi. Ishtirokchilar akademik institutlar va tadqiqotchilarning kosmik texnologiyalarni qo’llab-quvvatlashi, shuningdek, hamkorlik aloqalarini o'rnatish va kosmik ilm-fanning afzalliklaridan foydalanish, yoshlarning innovatsion salohiyatini mustahkamlash uchun xususiy sektorni jalb qilish zarurligini ta'kidlab, barcha davlatlarni kosmik fanga integratsiyalashishga chaqirdi.

ICESCO taklifiga binoan O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi vakillari mazkur forumda videokonferensaloqda tarzida ishtirok etishdi. Xususan, Xalqaro hamkorlikni muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig'i Ismoil Rasulov "Barqaror rivojlanishni ta'minlashda kosmik texnologiyalardan foydalanishni qo'llab-quvvatlash" mavzusida taqdimot o'tkazdi va "O'zbekkosmos" agentligi, uning faoliyati, amalga oshirilgan ishlar va kelajak rejalar haqida ishtirokchilarga ma'lumot berdi.

Matbuot xizmati