Toʻgʻonlar seysmik mustahkamligini kosmik monitoring qilish tizimi joriy etiladi

Sana: 18.11.2021

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentning “Oʻzbekiston seysmik xavfsizligini taʼminlash sohalarini yanada rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi  regulation.gov.uz portalida eʼlon qilindi.

Mazkur qaror loyihasida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi zimmasiga quyidagi vazifalar yuklatilgan:

2022-yil 1-iyunga qadar Fanlar akademiyasi, Seysmoprognostik monitoring respublika markazi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda Oʻzbekistondagi eng seysmik faol, oʻrta faol va tinch hududlar hamda maydonlarni oʻzida mujassamlashtirgan interaktiv onlayn xarita ishlab chiqadi va ulardan foydalanuvchilar roʻyxatiga aholi punktlari bosh rejalarini va boshqa shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiquvchi yuridik shaxslarni (loyiha tashkilotlarini) qoʻshadi;

2022-yil 1-oktyabrga qadar seysmik faol hududlarda joylashgan bino va inshootlar maydonining zilzilalar oqibatida deformatsiyasi, siljishi, choʻkishi kabi omillarni aniqlashga moʻljallangan radiolokatsion kosmik monitoring tizimni joriy etadi;

Suv xoʻjaligi vazirligi, Suv xoʻjaligi obyektlari xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan bilan hamkorlikda suv omborlari toʻgʻonlarining seysmik mustahkamligi darajasini doimiy kosmik monitoring qilish tizimini joriy etadi;

Suv xoʻjaligi vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Suv xoʻjaligi obyektlari xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bilan hamkorlikda geoaxborot texnologiyalarini qoʻllagan holda zilzila natijasida toʻgʻon oʻpirilishi oqibatida suv bosishi mumkin boʻlgan hududlarning vizual modellarini yaratadi;

Suv xoʻjaligi vazirligi, Suv xoʻjaligi obyektlari xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bilan hamkorlikda zilzila natijasida toʻgʻon oʻpirilishi oqibatida qutqaruv ishlarini tashkillashtirishida tegishli vazirlik va idoralarni zarur kosmik suratlar hamda ishlov berilgan maʼlumotlar bilan taʼminlash tizimini yaratadi;

belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlashda tegishli vazirliklar va idoralar Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligining talabnomasiga muvofiq soʻralgan maʼlumotlarni ishchi tartibda taqdim etilishini taʼminlaydi.