O’zbekkosmos agentligi va Moskva aviatsiya instituti o’rtasida Hamkorlik memorandumi imzolandi

Sana: 22.11.2021

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi bosh direktori Kadirov Shuxrat Munavvarovich va Moskva aviatsiya instituti (MAI)ning o’quv ishlari bo’yicha prorektori Kozorez Dmitriy Aleksandrovich o’rtasida uchrashuv bo’lib o’tdi.

Dastlab, Sh. Kadirov MAI vakillarini O’zbekkosmos agentligi faoliyatining asosiy yo’nalishlari, O’zbekistonda kosmik sohani rivojlantirish bo’yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishtirdi.

So’ng, tomonlar yuqori malakali kadrlar tayyorlash va mazkur soha bo’yicha qisqa muddatli o’quv kurslarini tashkil etishdagi hamkorlik masalalarini muhokama qilishdi.

Shuningdek, xorijiy vakillar MAI va uning ta’lim yo’nalishlari, xorijiy talabalarning MAIda ta’lim olishi jarayoni xususida batafsil ma’lumot berib o’tishdi. Xususan:

1.        Hozirda MAI O’zbekistonning Toshkent davlat transport universiteti va Toshkent irrigatsiya va qishloq xo’jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti bilan aerokosmik soha bo’yicha kadrlar tayyorlashda hamkorlik qilmoqda;

2.        Bakalavr yo’nalishining texnika fakultetlarida 2- kursda tahsil olayotgan talabalar ta’limni MAIga ko’chirib, qolgan ikki yillik ta’limini MAIda davom ettirish imkoniyatiga ega;

3.        MAI tomonidan O’zbekkosmos agentligi so’roviga asosan qisqa muddatli xodimlarni qayta tayyorlash kurslarini tashkil etish imkoniyati mavjud.

Uchrashuv yakunida, MAI va O’zbekkosmos agentligi o’rtasida Hamkorlik memorandumi imzolandi va tomonlar o’zaro hamkorlikni davom ettirish hamda ikki tomonlama tajriba almashishga kelishib oldilar.

   Uchrashuv iliq va do'stona ruhda o'tdi.

Matbuot xizmati