“Kosmos – cheksizlikdan biznesgacha” – xorijiy ekspertlar bilan uchrashuv

Sana: 01.12.2021

2021- yil 1- dekabr kuni soat 14:00da Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi hamda Uzaerospace korxonasi tomonidan “Kosmos – cheksizlikdan biznesgacha” deb nomlangan uchrashuv etildi.

Tadbirda xorijlik kosmik soha ekspertlari Anastasiya Stepanova hamda Vitaliy Yegorov, agentlik vakillari, universitet talabalari, professor-o’qituvchilar va sohaga qiziquvchilar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Ma’lumot uchun: Anastasiya Stepanova – “Mars-160” va “SIRIUS-19” xalqaro kosmik loyihalari ekipaji a’zosi, “Quruq immersiya” eksperimentida birinchi ayol sinovchi, Rossiya Fanlar akademiyasi Biotibbiyot muammolari instituti muhandisi.

Vitaliy Yegorov – kosmonavtikani ommalashtiruvchi bloger (Zelenyikot), mashhur ilmiy yozuvchi, “Ochiq kosmos” (Открытый космос) hamjamiyati asoschisi, “Fidelity to Science Award 2019” mukofoti sovrindori, “Orbital Express” xususiy kompaniyasi asoschilaridan biri va aloqa direktori, Rossiyaning bir qator xususiy kosmik kompaniyalari matbuot xizmati sobiq xodimi.

 

Uchrashuvda mazkur xorijiy ekspertlar tomonidan kosmik soha bilan tanishtiruv, ekspertlarning sohadagi faoliyati, shaxsiy hayotiy tajribalari, hozirda sohada xususiy sektor vakillari uchun keng imkoniyatlar yaratilayotganligi xususidagi taqdimotlari tinglandi.

Shuningdek, O’zbekkosmos vakillari “Maxar Technologies”, “Esri” va “SpaceX” kompaniyalari bilan hamkorlikda Toshkentda o’tkazilgan “Discovery Day Uzbekistan” konferensiyasi haqida tinglovchilarga batafsil ma’lumot berishdi. Mutaxassislar Belarus Respublikasining Favqulodda vaziyatlarni boshqarish va javob berish markazida favqulodda vaziyatlarda kosmik texnologiyalardan amaliy foydalanish hamda yerni masofadan turib zondlash bo‘yicha Belarus Respublikasida ortirgan tajribalari bilan o’rtoqlashishdi.

 Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga soha mutaxassislari tomonidan atroflicha javoblar berildi.

Eslatib o’tish kerak, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi kosmik sohaga qiziqishni oshirish, bu yo'nalishda kadrlar tayyorlash hamda ularni xorijda malaka oshirib qaytishlari uchun bir qator xorijiy universitetlar va soha ekspertlari bilan o'zaro hamkorlikni yo'lga qo'yib kelmoqda.

 

Matbuot xizmati