Oʻzbekkosmos agentligi va Mudofaa vazirligi o’rtasida hamkorlik toʻgʻrisida kelishuv imzolandi

Sana: 03.12.2021

Joriy yilning 3- dekabr kuni Mudofaa vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi (Oʻzbekkosmos) vakillari oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Uchrashuvda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi bosh direktori Shuxrat Kadirov O’zbekkosmos agentligi faoliyatining asosiy yo’nalishlari, O’zbekistonda kosmik sohani rivojlantirish bo’yicha amalga oshirilayotgan, xususan, kosmik sohada malakali kadrlarni yetishtirish borasida so’z yuritdi.

Mudofaa vazirining birinchi oʻrinbosari – Qurolli Kuchlar Bosh shtab boshligʻi general-mayor Shuxrat Xalmuxamedov milliy armiyamizning zamonaviy qiyofasi va sohada amalga oshirilayotgan islohotlarga toʻxtalib oʻtdi.

Uchrashuv soʻnggida respublikamiz xavfsizligini taʼminlash, mudofaa salohiyatini yanada oshirish, sohada kosmik texnologiyalardan samarali foydalanish maqsadida Mudofaa vazirligi va Oʻzbekkosmos agentligi oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlash borasida ikki tomonlama oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisida kelishuv imzolandi.

Matbuot xizmati