O'zbekiston va Qozog'iston o'rtasida kosmik tadqiqotlar va ulardan foydalanish sohasida hamkorlik to'g'risidagi bitim imzolandi

Sana: 06.12.2021

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog'iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Tokayev boshchiligida ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari a'zolari ishtirokida muzokaralar o'tkazildi.

Davlatlar rahbarlari tomonidan savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash, jumladan, o'zaro tovar ayirboshlashni ko'paytirish, investitsiyalarni jalb qilish, sanoat, qishloq xo'jaligi, qurilish, transport sohalarida kooperatsiyani rivojlantirishga alohida e'tibor qaratildi. Shuningdek, suv-energetika va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik ham muhokama qilindi.

Bundan tashqari, davlat rahbarlari ishtirokida rasmiy delegatsiyalar a'zolari tomonidan bir qator hujjatlar, jumladan, O'zbekiston Respublikasi hukumati va Qozog'iston Respublikasi hukumati o'rtasida kosmik fazoni tinch maqsadlarda tadqiq etish va ulardan foydalanish sohasida hamkorlik to'g'risidagi bitim imzolandi.

Muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev va Qosim-Jomart Tokayev O'zbekiston Respublikasi bilan Qozog'iston Respublikasi o'rtasida ittifoqchilik munosabatlari to'g'risidagi deklaratsiyani imzoladilar.

Matbuot xizmati