Turkiyzabon davlatlarning kosmik agentliklari va tegishli idoralari uchrashuvi tashkil qilindi

Sana: 21.12.2021

Joriy yilning 20- dekabr kuni Ozarbayjon poytaxti Bakuda turkiyzabon davlatlarning kosmik agentliklar va tegishli idoralarning birinchi uchrashuvi bo'lib o'tdi. Uchrashuvda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi vakillari ham ishtirok etdi. Agentlik vakillari "O'zbekkosmos" agentligining faoliyati va kelgusidagi rejalari haqida taqdimot qildilar. Shuningdek, "O'zbekkosmos" agentligi tomonidan "Turkiyzabon davlatlar tashkilotining sakkizinchi sammiti deklaratsiyasi" hamda "Turk dunyosi ko’rinishi – 2040" loyihasi doirasida bayon etilgan yo'nalishlar asosida kosmos sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash va rivojlantirish bo'yicha takliflar bildirildi. O'z navbatida, uchrashuv ishtirokchilari tomonidan quyidagi takliflar qo'llab-quvvatlandi:

- kelajakdagi hamkorlikni muvofiqlashtirish uchun kosmik standartlarni ishlab chiqish masalasini o'rganish;

-a'zo davlatlar o’rtasida sun'iy yo'ldosh ma'lumotlaridan o’zaro foydalanish;

- suv resurslarini boshqarish, tabiiy ofatlar monitoringi, ekologiya, qishloq xo'jaligi va boshqa sohalarda tajriba almashish;

- aerokosmik tadqiqotlar va rivojlanish sohasida salohiyatni oshirish va tajriba almashish dasturlarini qo'llab-quvvatlash.

Matbuot xizmati