• Агентство космических исследований и технологий при Кабинете Министров Республики Узбекистан
O‘zbekkosmos agentligi va Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi oʻrtasida hamkorlik masalalari muhokama qilindi

Sana: 04.02.2022

Joriy yilning 4-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi hamda Fransiya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Xususan, mamlakatimizda kosmik faoliyat sohasini yanada rivojlantirish maqsadida Fransiyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalarida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etishga alohida e’tibor qaratildi.

Samimiy muloqot shaklida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zbekkosmos agentligi Bosh direktori Shuhrat Kadirov Fransiya Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Oreliya Bushez xonimga Kosmik tadqiqotlar milliy markazi (CNES) hamda “Airbus Defence and Space” bilan hamkorlikning bugungi holati yuzasidan ma’lumot berdi.

Jumladan, “Airbus Defence and Space” va O‘zbekkosmos agentligi tomonidan pilot loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilayotganligi haqida xabar berdi.  

Oʻz navbatida, Oreliya Bushez xonim Fransiyaning Thales, Eutelsat kabi yetakchi kompaniyalari ham O‘zbekkosmos agentligi bilan ishlashga qiziqish bildirayotgani haqida ma’lum qildi.

Matbuot xizmati