SpaceX geomagnit boʻroni natijasida 40 ta sunʼiy yoʻldoshini yoʻqotdi

Sana: 11.02.2022

AQSHning SpaceX xususiy aerokosmik kompaniyasi joriy yilning 3-fevral kuni orbitaga chiqarilgan 49 ta Starlink internet sunʼiy yoʻldoshidan taxminan 40 tasini geomagnit boʻroni natijasida yoʻqotdi. Bu haqda kompaniya saytida xabar berilgan.

“Dastlabki tahlillar shuni koʻrsatdiki, past balandlikda qarshilik kuchayishi sunʼiy yoʻldoshlarga xavfsiz rejimdan chiqib, orbitani toʻgʻrilashni boshlashga imkon bermadi, 40 ga yaqin sunʼiy yoʻldosh Yer atmosferasiga qaytadi yoki allaqachon qaytgan”, deyiladi kompaniya bayonotida.

Kompaniyaning taʼkidlashicha, boʻron tufayli havo qarshiligi avvalgi uchirilishlarga qaraganda 50 foizga kuchliroq boʻlgan. Mutaxassislar qarshilikni kamaytirish uchun mini-sunʼiy yoʻldoshlarni xavfsiz rejimga oʻtkazishga qaror qilgan, ammo bu choralar yordam bermagan.

Kompaniya maʼlumotlariga koʻra, orbitasidan chiqarilgan qurilmalar boshqa sunʼiy yoʻldoshlar uchun xavf tugʻdirmaydi va ular Yer atmosferasiga kirganda yonib ketishga moʻljallangan.

Axborot xizmati