“O‘zbekkosmos” agentligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolandi

Sana: 09.03.2022

Joriy yilning 9-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligida Qishloq xo‘jaligi vazirligi faoliyatiga kosmik texnologiyalar va kosmik monitoring tizimini joriy etish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Hujjatlarga  “O‘zbekkosmos” agentligi Bosh direktori Shuhrat Kadirov hamda O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari Qahramon Yuldashev tomonidan imzo chekildi.

Tomonlar hamkorligi doirasida:

- Qishloq xo‘jaligi vazirligi faoliyatiga kosmik texnologiyalar va kosmik monitoring tizimini joriy etish bilan bog‘liq loyihalarni amalga oshirish;

- Qishloq xo‘jaligi vazirligiga yuklatilgan vazifalar ijrosi samaradorligini oshirish maqsadida kosmik suratlar bilan taʼminlash;

- Respublikaning bir viloyat yoki tuman kesimida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar va ekin maydonlarida kosmik monitoring tizimini joriy etish kabi vazifalar ko‘zda tutilgan.

Marosim yakunida seminarlarni tashkil etish, hamkorlikda amalga oshiriladigan loyihalar hamda boshqa ishlarni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqishga kelishildi.

Axborot xizmati