O‘zbekkosmos agentligi bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasida ishtirok etdi

Sana: 16.03.2022

Joriy yilning 15-mart kuni Toshkent shahridagi Yodju texnika institutida “YTIT Job Fair – 2022” bosh ish o‘rinlari yarmarkasi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda 30 ga yaqin yirik mahalliy kompaniyalar va davlat boshqaruvi organlari mutaxassislari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi vakillari ham unda ishtirok etib, yarmarkaga tashrif buyurgan yoshlar uchun Agentlikda amaliyot o‘tash imkoni mavjudligini aytishdi. Xususan, Agentlik vakillari yosh ish izlovchilar bilan muloqot jarayonida O‘zbekkosmos agentligi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari to‘g‘risida gapirib berdilar.

Yarmarkaning bir ish kunida O‘zbekkosmos agentligi stendiga yuzdan ortiq kishi tashrif buyurdi. 20 yaqin talabalar o‘z ma’lumotnomalarini qoldirdilar. Hozirda ushbu ma’lumotnomalar agentlik tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.

-  Ta’kidlash joizki, kadrlar yetishmovchiligi har qanday sohadagi asosiy muammodir va bugungi kunda kosmik faoliyat sohasida ham ushbu muammo kuzatilmoqda. Shu sababdan, biz kadrlar masalasiga alohida e’tibor qaratmoqdamiz va bunda asosiy urg‘u yosh mutaxassislarga qaratilgan, - deydi Xalqaro hamkorlikni muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Ismoil Rasulov. - Shu bilan birga, biz gender tenglik masalasini ham e’tiborsiz qoldirmadik va mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy hayotida ayollarning rolini kuchaytirishga o‘z hissamizni qo‘shish maqsadida ularning o‘qishi, tajriba almashishi, kasbiy rivojlanishi va o‘sishiga imkoniyatlar yaratmoqdamiz.

Axborot xizmati