Sana: 18.04.2022
Buyuk Britaniya kosmik agentligi (UK Space Agency - UKSA) va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi (O‘zbekkosmos) vakillari o‘rtasida kosmik texnologiyalar sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish maqsadida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekkosmos agentligi vakillari O‘zbekistonda telekommunikatsiya va kosmik sohalarni rivojlantirish, iqtisodiyotning turli tarmoqlariga innovatsion texnologiyalarni joriy etish, uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalanishni tartibga solish, shuningdek, kadrlar tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida so‘zlab berdi.
Britaniya tomoni Buyuk Britaniyaning yangi kosmik texnologiyalarni ishlab chiqish, ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish va kosmik faoliyat sohasida iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha strategiyasi haqida ma’lumot berdi.
Muloqot davomida tomonlar kelajakda quyidagi loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganishga kelishib oldilar:
- O‘zbekiston iqtisodiyoti tarmoqlarida Britaniya ishlanmalarini (kosmik texnologiyalar, apparatlar va ilovalar) joriy etish;
- Britaniya kompaniyalari va universitetlari ko‘magida kosmik faoliyat sohasida mamlakatimiz mutaxassislarining malakasini oshirish.
Shuningdek, UKSA vakillari joriy yilning 10-11 may kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tadigan 1-mintaqaviy kosmik texnologiyalar konferensiyasida ishtirok etishga taklif etildi.
Muzokaralar yakunida tomonlar kelgusida o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirishga va hamkorlik qilishga tayyor ekanini ta’kidladi.
Axborot xizmati