O‘zbekistonda “Space Technology Conference STC-2022” nomli birinchi xalqaro konferensiya o‘tkaziladi

Sana: 22.04.2022

O‘zbekkosmos agentligi tomonidan Buyuk Britaniyaning “Dialogue Events Ltd.” kompaniyasi  bilan hamkorlikda 2022 yil 10-11 may kunlari Toshkent shahrida “Kosmik texnologiyalar hamda ularning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishdagi o‘rni” mavzusiga bag‘ishlangan “Space Technology Conference STC-2022” nomli birinchi xalqaro konferensiya o‘tkaziladi.

Konferensiyada Markaziy Yevroosiyo davlatlari kosmik agentliklari va tegishli idoralari: Qozog‘iston Respublikasi Raqamli rivojlanish, innovatsiya va aerokosmik sanoati vazirligining Aerokosmik qo‘mitasi, Ozarbayjon kosmik agentligi (Azerkosmos), Turkiya kosmik agentligi (TUA), BAA kosmik agentligi, Qirg‘iziston Respublikasi raqamli rivojlanish vazirligi huzuridagi Aloqa sohasini tartibga solish va nazorat qilish xizmati, xalqaro kosmik tashkilotlar: BMT kosmik ishlar boshqarmasi (UNOOSA), BMT Osiyo va Tinch okeani uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi, kosmik sohadagi yetakchi kompaniyalar: Maxar (AQSh), Airbus (Fransiya), Planet (AQSh), SSI Monaco (Monako), SES (Lyuksemburg), SpaceX (AQSh), Viasat (AQSh), OneWeb (Buyuk Britaniya), ESRI (AQSh), Satellogic (AQSh), Gilat (Isroil), HEAD (Xitoy), TurkSAT (Turkiya), NEC (Yaponiya), Leonardo S.P.A. (Italiya), Ghalam (Qozog'iston), Aviators (BAA) va boshqalar qatnashishi kutilmoqda.

Konferensiya “Kosmik texnologiyalarni ijtimoiy-iqtisodiy barqaror rivojlanish uchun Markaziy Yevroosiyoda qo‘llash”, “Barqaror rivojlanishda Yer yuzini kuzatishning o‘rni: qo‘llash va xizmatlar ko‘rsatish”, “Yangi sun’iy yo‘ldosh texnologiyalari: loyiha, ishlab chiqarish, uchirish”, “Sun’iy yo’ldoshli aloqa: hukumat, biznes, iste’molchi”, “Sun’iy yo‘ldosh va uchuvchisiz uchish apparatlarini qoʻllagan holda xizmatlar koʻrsatish: xavfsiz, samarador va barqaror faoliyatni yo‘lga qo‘yish”, “Kosmik fazoning barqaror rivojlanishi – panel muhokama” kabi mavzulardagi sessiyalarni qamrab oladi.

Axborot xizmati