“O‘zbekkosmos” agentligi OneWeb kompaniyasi bilan memorandum imzoladi

Sana: 16.05.2022

Markaziy Yevroosiyodagi birinchi “Space Technology Conference STC-2022” konferensiyasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi (“O‘zbekkosmos”) va Britaniyaning OneWeb kompaniyasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv va hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi.

Memorandumning asosiy maqsadi – O‘zbekiston bozoriga OneWeb sun’iy yo‘ldoshli aloqa kompaniyasini jalb qilishdir. Memorandumda O‘zbekiston Respublikasi bozoriga kirish bo‘yicha OneWeb kompaniyasining geostatsionar bo‘lmagan sun’iy yo‘ldoshli aloqa tizimi xizmatlari bilan bog‘liq bir qator tadbirlar, shu jumladan, tartibga solish masalalarini muhokama qilish va OneWeb sun’iy yo‘ldoshlaridan foydalanish uchun davlatning asosiy ehtiyojlarini aniqlash ko‘zda tutilgan.

Memorandum doirasida “O‘zbekkosmos” agentligi va OneWeb kompaniyasi innovatsion past orbital sun’iy yo‘ldosh telekommunikatsiya tizimidan foydalanish masalalari bo‘yicha ekspertiza markazini tashkil etishga kelishib oldilar.

 

Tomonlar chekka hududlar va borish qiyin bo‘lgan qishloq aholi punktlarini, shuningdek, iqtisodiyotning turli tarmoqlaridagi korxonalarni OneWeb aloqa sun’iy yo‘ldoshlari orqali yuqori tezlikdagi keng polosali Internet bilan ta’minlashni amalga oshirish uchun zarur choralarni ko‘rishga kelishib oldilar.

“O‘zbekkosmos” agentligi Bosh direktori Shuxrat Kadirov – “OneWeb kompaniyasi bilan memorandum imzolanishi kosmik aloqa sohasini rivojlantirish sohasida muhim voqea hisoblanishi, O‘zbekiston Respublikasida OneWeb telekommunikatsiya xizmatlarining mavjudligi esa davlat axborot texnologiyalarini rivojlantirish dasturlarida nazarda tutilgan vazifalarni samarali amalga oshirish va respublikaning chekka hududlarini ham innovatsion aloqa xizmatlari bilan ta’minlash imkonini beradi.” deb ta’kidladi.

 

Axborot xizmati