"Oʻzbekkosmos" agentligi rahbari Shuxrat Kadirov uchuvchi-kosmonavt Vladimir Janibekov bilan uchrashdi

Sana: 13.05.2022

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi bosh direktori Shuxrat Kadirov Sovet Ittifoqi qahramoni, uchuvchi-kosmonavt Vladimir Jonibekovni tavalludining 80 yilligi bilan tabrikladi.

Moskvada boʻlib oʻtgan uchrashuvda, "Oʻzbekkosmos" rahbari Sh. Kadirov uchuvchi-kosmonavt Vladimir Jonibekovning kosmos sohasida erishgan barcha natijalari bugungi kunda bu sohaning yosh kadrlari uchun oʻrnak va ibrat maktabi boʻlib xizmat qilayotganini alohida taʼkidladi. V.Janibekovning ulkan tajribasi agentlik faoliyatini va soha rivojini yanada takomillashtirishda muhim omil boʻlib xizmat qiladi.

Oʻzbekistonda tugʻilgan sobiq kosmonavtning nomi bilan koinotda №3170 sonli kichik planeta nomlangan. Shuningdek, Toshkent shahrida kosmonavtning bronza haykali oʻrnatilgan.

Vladimir Janibekov – Oʻzbekistonda tugʻilgan sovet kosmonavti, aviatsiya general-mayori, ikki marta Sovet Ittifoqi qahramoni. U 5 marotaba kosmik parvozlarni amalga oshirgan SSSRning eng tajribali kosmonavti hisoblanadi. Janibekov umumiy hisobda 145 kun 15 soat 58 daqiqa parvoz qilgan.

Uchrashuv yakunida Vladimir Janibekov "Oʻzbekkosmos" agentligi rahbariga tashakkur bildirib, Oʻzbekistonda kosmik yoʻnalishda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi.