Sana: 28.05.2022
Vena shahridagi xalqaro tashkilotlar qoshidagi O‘zbekistonning doimiy vakili, elchi Abat Fayzullayev BMTning Kosmik masalalar bo‘yicha boshqarma direktori vazifasini bajaruvchi Niklas Hedman bilan uchrashuv o‘tkazdi, deya xabar beradi “Dunyo” axborot agentligi.
Uchrashuv davomida Niklas Hedmanga davlatimiz rahbarining Farmoniga muvofiq tashkil etilgan hamda mamlakatimizda kosmik sohani rivojlantirish strategiyasiga mas’ul boʻlgan O‘zbekkosmos agentligining faoliyati haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, respublikada kosmik sohada keng xalqaro hamkorlik, kadrlar tayyorlash uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar sanab oʻtildi.
Oʻz oʻrnida BMTning Kosmik masalalar bo‘yicha boshqarma direktori vazifasini bajaruvchi Niklas Hedman Agentlikning ayniqsa soʻnggi paytlardagi faoliyatini diqqat bilan kuzatib borayotganligini ta’kidladi.
Uning fikriga koʻra, may oyida Toshkentda oʻtkazilgan “Kosmik texnologiyalar va ularning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishdagi o‘rni” mavzusidagi xalqaro konferensiya Agentlikning faolligidan dalolat beradi. Xususan, konferensiyaning keng qamrovli dasturi, taqdim etilgan ma’ruzalar mavzularining boyligi, shuningdek, taklif etilgan ekspertlarning soni qayd etildi.
BMTning Kosmik masalalar bo‘yicha boshqarma direktori vazifasini bajaruvchi Niklas Hedman Oʻzbekiston tashkilotlari bilan hamkorlikni mustahkamlashga tayyor ekanligini bildirdi. Shu bilan birga, Respublikaning global miqyosda kosmos bilan bog‘liq voqealar va jarayonlarni kuzatish va muhokama qilish uchun imkoniyat beruvchi BMTning Kosmik fazodan tinch maqsadlarda foydalanish boʻyicha qo‘mitasi (COPUOS)ga a’zo bo‘lish niyatini qoʻllab quvvatladi.
Niklas Hedman O‘zbekiston arizasi qabul qilingani va quyi qo‘mitalar yig‘ilishida ijobiy ko‘rib chiqilganligini ma’lum qildi. Qo‘mitaning ushbu qarorini Qoʻmitaning yaqin sessiyasi yalpi majlisida e’lon qilish rejalashtirilmoqda. Joriy yilning kuzida Qo‘mitaning O‘zbekistonning to‘liq a’zoligi to‘g‘risidagi bayonoti BMT Bosh Assambleyasining navbatdagi sessiyasida e’lon qilinadi.
Axborot xizmati