“O‘zbekkosmos” agentligi suv omborlari holatini monitoring qilib, kosmik surat va ma’lumotlar bilan ta’minlaydi

Sana: 09.06.2022

Prezident Shavkat Mirziyoyev 8-iyun kuni suv omborlarini modernizatsiya qilish hamda Surxondaryo viloyatida ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash loyihalariga oid taqdimot bilan tanishdi.

Daryo va soylar suvi ham qishloq xo‘jaligi, ham energetika, ham aholi turmushi uchun muhim manba. Mamlakatimizda bu qimmatli ne’mat asrab-avaylanib, xalq manfaatiga yo‘naltirilmoqda.

Shu maqsadda 2017-yilda Prezident farmoni bilan «O‘zbekgidroenergo» aksiyadorlik jamiyati tashkil etilgan edi. O‘tgan yili yana 4 ta suv ombori ushbu jamiyat boshqaruviga o‘tkazildi va ular 6 taga yetdi. Xorijiy kompaniyalarni jalb etgan holda har bir suv omborining texnik holati o‘rganib chiqildi va kechiktirib bo‘lmaydigan ta’mirlash tadbirlari belgilandi. Unga muvofiq, to‘g‘onlar, suv olish va chiqarish inshootlari ta’mirlanmoqda, nasos agregatlari tiklanmoqda.

Taqdimotda ushbu ishlar va oldindagi vazifalar haqida axborot berildi.

Davlatimiz rahbari barcha suv omborlarini modernizatsiya qilish orqali xavfsizligini oshirish, gidromexanik uskunalar va o‘lchov qurilmalarini yangilab, tizimni raqamlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Shu bilan birga, Prezidentimiz tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligiga suv omborlari holatini monitoring qilib, kosmik surat va ma’lumotlar bilan ta’minlash vazifasi yuklatildi.