“O‘zbekkosmos” agentligi ishchi guruhi Fransiya Oliy aeronavtika va kosmonavtika institutiga tashrif buyurdi

Sana: 22.06.2022

Uchrashuv davomida Fransiya tomoni institut haqida taqdimot o‘tkazdi. Institut aerokosmik sohada kadrlar tayyorlash bo‘yicha asosiy universitetdir va dunyoda yetakchilardan biri hisoblanadi. Institut 15 fakultet, 1900 talaba va 23 patentga ega. Institut tomonidan Fransiya Milliy kosmik tadqiqotlar markazi (CNES), “Airbus”, “Thales”, “Ariane Group” kabi kompaniyalar va tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan. 
Uchrashuv davomida “Kosmik xizmatlar va ilovalar” magistratura dasturi bilan tanishildi. Dastur 6 oy akademik ta’lim va 6 oy ilg‘or kosmik kompaniyalarda amaliyot o‘tashni qamrab oladi. Dasturda kosmik tizimlar, Yerni masofadan zondlash, sun’iy yo‘ldoshli aloqa, sun’iy yo‘ldoshli navigasiya va kosmik xizmatlar va ilovalar yo‘nalishlarida o‘qitiladi. Mazkur magistrlik dasturiga 2022-2023 o‘quv yillari uchun o‘zbekistonlik talabalarni yuborish masalasi yuzasidan 5 nafar talaba uchun kvota ajratish, hamda operativ tarzda tanlov o‘tkazish va moliyalashtirish masalalarini hal etishda  hamkorlikda ishlash masalasi kelishib olindi.
Bundan tashqari, agentlik xodimlari uchun 1-3 oy muddatli malaka oshirish dasturlarini tashkil etish masalasi muhokama qilindi hamda mazkur dastur ustida hamkorlikda ishlashga kelishib olindi.