“O‘zbekkosmos” va “GISTDA” o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yildi

Sana: 21.09.2022

“World satellite business week - 2022” haftaligi doirasida “O‘zbekkosmos” agentligi hamda Geoinformatika va kosmik texnologiyalarni rivojlantirish agentligi
(The Geo-Informatics and Space Technology Development Agency - GISTDA) o‘rtasida ilk uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumot uchun, GISTDA – Tailand kosmik agentligi va kosmik tadqiqotlar tashkilotidir. U yerni masofadan zondlash va sun’iy yo‘ldoshlarni ishlab chiqish uchun mas’uldir.

Uchrashuv davomida tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, xususan kosmik sohada tajriba almashish, onlayn seminarlar tashkil etish va shu tariqa xodimlar bilim salohiyatini yanada oshirish kabi masalalar muhokama qilindi. Shuningdek, “O‘zbekkosmos” agentligi va GISTDA BMTning Osiyo va Tinch okeani uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiya (ESCAP) doirasida kosmik sohada birgalikdagi loyihalar yuritish masalasi ham ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv yakunida GISTDA vakillari “O‘zbekkosmos” agentligi vakillarini Tailand kosmik infratuzilmasi bilan yaqindan tanishish maqsadida Tailandga taklif qildilar.

“O‘zbekkosmos” agentligi Matbuot xizmati