O‘zbekiston va Kanada kosmik monitoring yo‘nalishida hamkorlik qiladi

Sana: 27.09.2022

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 23 avgustdagi “2022-2023 yillarda Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi  PQ-357-sonli Qaroriga muvofiq mamlakatda 2022 yil 1 oktyabrdan 7 ta ijtimoiy-iqtisodiy sohada bosqichma-bosqich majburiy tartibda sunʼiy yo‘ldosh apparatlari orqali davlat kosmik monitoringini amalga oshirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Ular orasida suv, qishloq va o‘rmon xo‘jaliklari singari muhim yo‘nalishlar ham mavjud.

“O‘zbekkosmos” agentligi mutasaddilari yuqorida keltirilgan sohalarni kosmik monitoring qilish uchun maxsus “agro platforma”ga ega dunyoning yetakchi kompaniyasi Kanadaning “EarthDaily Analytics” vakillari bilan uchrashuv o‘tkazishdi.

Uchrashuv davomida “EarthDaily Analytics” ning faoliyati va amalga oshirilayotgan loyihalari bilan tanishildi. Shuningdek, ushbu sohani rivojlantirishda tomonlarning hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Muzokaralar so‘ngida tomonlar kelgusidagi uchrashuvlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, ularni amaliyotda qo‘llashning texnik tomonlari singari muhim masalalarni hamkorlikda ko‘rib chiqishga kelishib oldilar.

“O‘zbekkosmos” agentligi Matbuot xizmati