O‘zbekistonda ilk bora o‘tkazilgan “NASA International Space Apps Challenge 2022” o‘z g‘oliblarini aniqladi

Sana: 03.10.2022

Joriy yilning 1-2 oktyabr kunlari poytaxtdagi “INNO Texnopark” binosida ilk bora NASA tomonidan 2012 yildan beri o‘tkazib kelinadigan xakaton o‘z g‘oliblarini aniqladi.

Ikki kun davomida O‘zbekiston yoshlari kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar sohasida o‘zlarining bilim, salohiyat va qobiliyatlarini sinovdan o‘tkazishdi.

Loyihaning asosiy maqsadi bu NASAning ochiq maʼlumotlaridan foydalangan holda ishtirokchilar kosmosning eng dolzarb bo‘lgan muammolarini yangicha yondashuv va qarash bilan yechim topishdan iboratdir. Bu orqali keng jamoatchilik orasida fazoviy bilimlarga bo‘lgan qiziqishni orttirishdir. Xakaton davomida jamoalar kosmik tadqiqotlar missiyalarini targ‘ib qilish va yerdagi hayotni yaxshilash muammolarini hal qilishda o‘z qarashlarini loyihalari orqali namoyon etishdi.

Musobaqa natijalariga ko‘ra, hakamlar hayʼati tomonidan uchta g‘olib va qo‘shimcha ravishda ikkita rag‘batlantiruvchi sovringa ega bo‘lgan jamoalar va xakatonning eng yoshi kichik bo‘lgan ishtirokchilarga homiylar tomonidan sovg‘alar topshirildi.

Unga ko‘ra:

“Eng yaxshi ilmiy-texnik loyiha”si yo‘nalishi – “COSMOTEAM” va “Power sun limit” jamoalari;

“Eng yaxshi taʼlim loyihasi”si yo‘nalishi – “Team Zero” jamoasi;

“Yosh kosmik muhandislar”si yo‘nalishi - Aleksey Kramer, Vladimir Soy, Saiddiyor Sobirov.

Xakatonda g‘olib bo‘lgan uchta jamoa “SpaceY”, “Astrea” va “AvacadOS” O‘zbekiston nomidan NASAning xalqaro tanlovida ishtirok etish yo‘llanmasini qo‘lga kiritdilar.

Eslatib o‘tamiz, mazkur tadbir “O‘zbekkosmos” agentligi, NASA, O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, “Sehriyo” xususiy taʼlim maktabi, “INNO Texnopark”, “Universal bank”, "IT Park"  va “International Digital University” hamkorligida tashkil etildi.

“O‘zbekkosmos” agentligi Matbuot xizmati