Yangi geoaxborot platformasining taqdimoti o‘tkazildi

Sana: 06.10.2022

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi faoliyatini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2022 yil 20 maydagi 274-son qarori asosida favqulodda vaziyatlar sohasida respublikaning yong‘inlar yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xududlarida, yong‘inlarini dastlabki bosqichlarda kosmik monitoring orqali aniqlash yo‘lga qo‘yish vazifasi belgilangan.

Mazkur topshiriqni ijrosi yuzasidan “O‘zbekkosmos” agentligi va uning tizimidagi “Kosmik monitoring va geoaxborot texnologiyalari markazi”  mutaxassislari tomonidan har bir termal nuqtani ko‘rsatib turuvchi interaktiv geoaxborot tizimi joriy etildi. Ushbu tizimda kosmik maʼlumotlarni muntazam ravishda yangilash, yangi termal nuqtalarni aniqlash, ularni harorat ko‘rsatkichlari, vaqti va boshqa zarur bo‘lgan maʼlumotlar asosida yong‘in sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan xududlar va sodir bo‘layotgan yong‘inlarni barvaqt aniqlash imkonini beradi.

Bugun Favqulotda vaziyatlar vazirligi binosida Agentlik va Markaz xodimlari tomonidan mazkur Geoaxborot platformasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda soha mutaxassislari tizimning imkoniyatlari, undan foydalanish ko‘rsatmalari, maʼlumotlarning yangilanib borilish vaqtlari va boshqa imkoniyatlari batafsil tanishtirib o‘tildi.

Taqdimot davomida Agentlik va Markaz mutaxassislari Vazirlik xodimlari tomonidan berilgan savollarga ham javob berib o‘tishdi. Undan tashqari tizimni davomiy takomillashtirib borishni hamkorlikda amalga oshirishga kelishib olindi.

Shuni alohida taʼkidlab o‘tish joizki interaktiv geoaxbort tizimi termal nuqtalarni aniqlash orqali favqulodda vaziyatlarga tezkorlik bilan javob berish va oldini olish imkonini beruvchi ko‘makchi platforma hisoblanadi.

“O‘zbekkosmos” agentligi Matbuot xizmati