Kosmik monitoring va geoaxborot texnologiyalari markazi xodimlari GIS texnologiyalarini ishlab chiquvchilar konferensiyasida ishtirok etdilar

Sana: 01.08.2023

Joriy yilning 10-iyulidan 14-iyuliga qadar AQShning San-Diego shahrida Esri User Conference San-Diego 2023 GIS texnologiyalarini ishlab chiquvchilar konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Minglab ishtirokchilarni jamlagan holda mazkur tadbir GIS sohasida dunyodagi eng yirik tadbiri bo'lib, har doim ko'p millionli global geoaxborot hamjamiyatining diqqatini jalb qiladi.

Konferensiya ishtirokchilari bevosita zamonaviy geoaxborot texnologiyalarining rivojlanishi, shuningdek, eng so‘nggi ishlanmalar va yechimlar, ularni inson faoliyatining aksariyat sohalarida keng qo‘llash bo‘yicha ilg‘or tajribalar, butun dunyodan foydalanuvchilar xaritalari va loyihalari galereyasi bilan yaqindan tanishish imkoniyatga ega bo‘ldilar.

Mazkur tadbirda “O‘zbekkosmos” agentligi huzuridagi “Kosmik monitoring va geoaxborot texnologiyalari markazi” davlat unitar korxonasi mutaxassislari ham ishtirok etdi.

Tadbirlar davomida vakillarimiz ArcGIS platformasining yangiliklari, yangi imkoniyatlari, shuningdek, yangi funksiyalar to‘plami bilan batafsil tanishdilar.