“Yangi Oʻzbekistonning yangi Konstitutsiyasi” mavzusida seminar oʻtkazildi

Sana: 19.09.2023

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini amalga oshirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2023-yil 8-maydagi PF-67-son Farmoniga asosan, “Oʻzbekkosmos” agentligida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan hamkorlikda 2023-yil 19-sentabr kuni davlat fuqarolik xizmatchilari uchun “Yangi Oʻzbekistonning yangi Konstitutsiyasi” mavzusida seminar oʻtkazildi.

Mazkur seminarda “Oʻzbekkosmos” agentligi va uning tizimidagi tashkilot xodimlariga Toshkent davlat yuridik universitetining professor-oʻqituvchilari tomonidan yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini mazmun-mohiyati, unda keltirilgan inson qadri va fuqarolik huquqlari, sud-huquq tizimi, davlat boshqaruvida mahalliy ijro etuvchi organlarining roli va kuchli ijtimoiy himoya masalalari boʻyicha batafsil maʼlumotlar berildi.

Shu bilan birga, bugungi kunda mamlakatimizda yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda keltirilgan talablar boʻyicha olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar va ularning samarasi, davlat organlari va tashkilotlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, davlat fuqarolik xizmatchilari uchun belgilangan vazifalar yuzasidan soʻz yuritildi.

Seminar davomida yangi tahrirdagi Konstitutsiyada belgilangan normalarni amalga oshirish uchun nafaqat davlat fuqarolik xizmatchilari yoki davlat idoralari xodimlari, balki butun xalqimiz va barcha fuqarolarimiz, ayniqsa yoshlarning oʻzaro hamjihatlik va birdamligi zarurligi, shuningdek, tenglik, oshkoralik, halollik va adolatlilik prinsiplari asosida ish yuritishlari lozimligi ta’kidlab oʻtildi.

Ushbu seminar mobaynida Agentlikning mehnat jamoasi tomonidan tegishli savol va takliflar berilib, fikr-mulohazalar yuritildi. Natijada, barcha xodimlar oʻzlari uchun qoʻshimcha bilim va ma’lumotlarga ega boʻldilar.