“Geoferma Final conference and meeting” konferensiyasi bo'lib o'tdi

Sana: 20.09.2023

Joriy yilning 20-sentabr kuni “Oʻzbekkosmos” agentligida “Raqamli Samarqand” pilot loyihasi yakunlariga bagʻishlangan “Geoferma Final conference and meeting” konferensiyasi boʻlib oʻtdi.

Mazkur pilot loyiha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 20-maydagi “Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi 274-son qarori doirasida “Oʻzbekkosmos” agentligi tomonidan Fransiyaning “Airbus” kompaniyasi bilan birgalikda “FASEP” dasturi doirasida Fransiya hukumatining grant mablagʻlari hisobidan amalga oshirildi. Grant qiymati 1 mln. yevroni tashkil etdi.

Pilot loyihaning asosiy maqsadi Samarqand viloyatining Jomboy, Payariq va Oqdaryo tumanlaridagi 2 223 km2 maydonda qishloq xoʻjaligi yer maydonlarini hisoblash va ularning aniq chegaralarini belgilash, qishloq xoʻjaligi yerlarini inventarizatsiya qilish hamda haqiqiy paxta va bugʻdoy bilan ekilgan maydonlarni aniqlash boʻyicha kosmik monitoring tizimini joriy etishdir.

Loyiha 16 oy davom etib, uch bosqichda amalga oshirildi. Yuqorida qayd etilgan hududlar boʻyicha sunʼiy yoʻldosh tasvirlari olindi, fermer xoʻjaliklari bilan suhbatlar oʻtkazildi va bu hududlarda ekilgan ekinlar raqamlashtirilib, turlari boʻyicha tasniflandi.

Shuningdek, loyiha davomida “Oʻzbekkosmos” agentligi xodimlari “Airbus” mutaxassislarining tajribasi tufayli kosmik texnologiyalardan foydalanish boʻyicha bilim, koʻnikma va malakalarini oshirdi.

Shubhasiz, olingan bilimlardan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 23-noyabrdagi “Kosmik tarmoqni yanada rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-429-son qarori bilan tasdiqlangan 2023-2024-yillarga moʻljallangan davlat kosmik monitoringini amalga oshirish dasturini amalga oshirish doirasida faol foydalanilmoqda. Mazkur Dasturga muvofiq “Oʻzbekkosmos” agentligi tomonidan qishloq, suv, oʻrmon xoʻjaligi, ekologiya, yer munosabatlari, geologiya va mineral resurslar sohalarida davlat kosmik monitoringi boʻyicha ishlar olib borilmoqda.

Tadbirni “Oʻzbekkosmos” agentligi direktori Shuxrat Kadirov kirish soʻzi bilan ochib, ushbu pilot loyihaning ahamiyati va uning natijalarining dolzarbligini taʼkidladi.

Uchrashuv yakunida “Raqamli Samarqand” pilot loyihasi yakunlari, shuningdek, kosmik texnologiyalar sohasida hamkorlikni yanada rivojlantirish va takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.

Tadbirda Fransiyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi, “Airbus” kompaniyasi, mamlakatimiz vazirlik va idoralari vakillari ishtirok etdi.