Sana: 02.10.2023
Bugun Vatanimiz tarixi sahifasiga yana bir muhim voqea qo‘shildi. Boku shahrida boʻlib oʻtayotgan 74-Xalqaro astronavtika kongressida Xalqaro astronavtika federatsiyasi assambleyasining navbatdagi sessiyasida “O‘zbekkosmos” agentligi Xalqaro astronavtika federatsiyasiga toʻla huquqli aʼzo boʻlganini eʼlon qildi.
Xalqaro astronavtika federatsiyasi (IAF) xalqaro nodavlat, notijorat ilmiy tashkilot boʻlib, u koinotni tinch maqsadlarda tadqiq qilish muammolari, shuningdek, huquqiy nuqtai nazardan raketa va kosmik masalalar bilan shugʻullanadi.
Tashkilot 1950-yilda Parijda boʻlib oʻtgan I Xalqaro Astronavtika Kongressida 8 ta davlat: Avstriya, Argentina, Buyuk Britaniya, Daniya, Ispaniya, Fransiya, Germaniya, Shvetsiya rahbarlari tomonidan tashkil etilgan.
IAF vazifalariga quyidagilar kiradi:
- tinchlik maqsadlarida kosmonavtikani rivojlantirishga ko'maklashish;
- kosmonavtikaga oid ma'lumotlarni keng tarqatishda ko'maklashish;
- keng jamoatchilikning kosmonavtikaga qiziqishini rag'batlantirish va qo'llab-quvvatlash;
- xalqaro va milliy ilmiy-tadqiqot institutlari, universitetlar va kompaniyalar orqali kosmik tadqiqotlarda ishtirok etishni rag'batlantirish;
- kosmonavtika bilan bog'liq fanning barcha sohalari bo'yicha tadqiqotlarga bag'ishlangan akademiyalar, institutlar va komissiyalarda faoliyatni rivojlantirish;
- xalqaro kongresslar, simpoziumlar, kollokviumlar va boshqa ilmiy majlislarni chaqirish;
- kosmonavtika va koinotni tinch maqsadlarda tadqiq qilish bilan bog'liq barcha sohalarda tegishli xalqaro va milliy tashkilotlar bilan hamkorlik qilish.
Mamlakatimizning IAF aʼzoligiga qoʻshilishi quyidagi imkoniyatlarni beradi:
- yetakchi kosmik davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan kosmik sohada hamkorlikni kengaytirish;
- mamlakatimizning jahon kosmik jamiyati tomonidan tan olinishi;
- moliyaviy imtiyozlar va bonuslar;
- elektron kutubxonadan bepul foydalanish imkoniyati va boshqalar.