Boku shahrida “Oʻzbekkosmos” vakillari uchun seminar-trening mashgʻulotlari muvaffaqiyatli yakuniga yetdi

Sana: 05.10.2023

Boku shahrida oʻtkazilayotgan 74-Xalqaro astronavtika kongressi doirasida Ozarbayjon kosmik agentligining sunʼiy yoʻldoshlarni boshqarish Bosh markazida “Oʻzbekkosmos” agentligi vakillari uchun tashkil qilingan ikki kunlik amaliy seminar-trening mashgʻulotlari muvaffaqiyatli yakunlandi.

Trening davomida “Azerkosmos”ning yetakchi mutasaddi xodimlari oʻzbekistonlik mutaxassislar bilan Yerni masofadan zondlash maʼlumotlarini qayta ishlash, tahlil qilish va deshifrlash sohasidagi bilim va koʻnikmalari bilan tajriba almashib, foydalanishdagi geoaxborot tizimlari va dasturiy taʼminotlarining imkoniyatlarini namoyish etdilar.

Oʻz navbatida, kosmik suratlarni zamonaviy dasturiy taʼminot vositalari yordamida qayta ishlash, geofazoviy maʼlumotlar bazasini yaratish, shuningdek Yerni masofadan zondlash maʼlumotlarini geoaxborot tizimlariga integratsiyalashning amaliy jihatlariga alohida eʼtibor qaratildi.

Ozarbayjon tomoni istiqbolda shu kabi tadbirlarni oʻtkazishga hamdi turli sohalardagi vazifalarni bajarish uchun kosmik va geoaxborot texnologiyalarini qoʻllash boʻyicha oʻzaro tajriba almashish amaliyotini davom ettirishdan manfaatdor ekanligini bildirdi.