Toshkentda NASA Space Apps xakatoni bo‘lib o‘tdi

Sana: 08.10.2023

7-8-oktabr kunlari Toshkentdagi INNOTECHNOPARKda O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi “O‘zbekkosmos” agentligi tomonidan tashkil etilgan NASA Space Apps xakatoni bo‘lib o‘tdi.

NASA Space Apps xakaton dasturi dasturchilar, dizaynerlar, olimlar, tadbirkorlar va boshqa ko‘plab mutaxassisliklar vakillarini birlashtirgan xalqaro tadbir bo‘lib, ularga real yoki virtual jamoalarda to‘planish va turli muammolarni hal qilish uchun ochiq NASA ma’lumotlaridan foydalanish imkonini beradi.

Mazkur tadbir jamiyatning aerokosmik sohaga qiziqishini oshirish, kosmik agentliklar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, yosh mutaxassislar o‘rtasida yangi iste’dodlarni izlashga qaratilgan. Unda har yili 160 ta davlatdan 30 mingdan ortiq kishi qatnashadi!

Toshkentda boʻlib oʻtgan xakatonda ishtirok etish uchun 350 dan ortiq arizalar kelib tushgan boʻlib, ulardan 250 tasi tanlab olindi.Ushbu xakaton astronomiya, geologiya, STEM (science, technology, engineering and mathematics) kabi mavzular, maʼlumotlarni qayta ishlash bilan bogʻliq vazifalar, shuningdek, nostandart fikrlash ko'nikmalarini oshirish va respublika kosmik sanoatini rivojlantirishga hissa qo'shish imkoniyatlarini oʻz ichiga oladi.

Xakaton g‘oliblari joriy yilning 8-oktabr kuni e’lon qilinadi. Ular haqida qo'shimcha ma'lumotlar taqdim etiladi.