Suv xoʻjaligi vazirligida uchrashuv boʻlib oʻtdi

Sana: 09.11.2023

Joriy yilning 9-noyabrida “Oʻzbekkosmos” agentligi direktori Shuhrat Qodirov boshchiligidagi delegatsiya Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Uchrashuvdan koʻzlangan asosiy maqsad vazirlik masʻul xodimlarini oʻqitish va Suv omborlarining loyqa oqiziqlar bilan toʻlib borish dinamikasini va suv sathi rejimini monitoring qilish, shuningdek, suv obyektlarining suvni muhofaza qilish zonalarida yer uchastkalarining oʻzboshimchalik bilan egallab olinishi, noqonuniy bino va inshootlar qurilish holatlarini aniqlash loyihasining natijalarini taqdimot qilish.

Mazkur loyiha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 23-noyabrdagi “Kosmik tarmoqni yanada rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-429-son Qarori bilan tasdiqlangan 2023-2024-yillarga moʻljallangan davlat kosmik monitoringini amalga oshirish dasturi doirasida amalga oshirilmoqda. Joriy yilda bu boradagi ishlar 25 ta suv omborida amalga oshirilmoqda.

“Oʻzbekkosmos” agentligi mutaxassislari loyiha natijalari, shuningdek, mavjud funksional va imkoniyatlarini aks ettiruvchi geoaxborot tizimini taqdim etdi.

Yigʻilishda Suv xoʻjaligi vazirligi, tizimdagi tashkilotlar va suv omborlari masʻul xodimlari ishtirok etdi.

Yigʻilish yakunlari boʻyicha tizimni va umuman loyihani takomillashtirish boʻyicha takliflar bildirildi. Tomonlar ushbu loyiha doirasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga kelishib oldilar.