• Агентство космических исследований и технологий при Кабинете Министров Республики Узбекистан
Qo’sh-Tepa kanalidan suv sizib chiqishiga oid “O’zbekkosmos” agentligining kosmik monitoring natijalari

Sana: 14.12.2023

2023 yil 12-13-dekabr kunlari Internet tarmog‘ida “Chegara bilmas daryolar” xalqaro ekologik koalitsiyasining ekspetlariga havola qilgan holda Afg‘onistonda qurilayotgan Qo’sh-Tepa sug‘orish kanalida birinchi jiddiy “avariya” yuz berganligi to‘g‘risida maʼlumot tarqatilgan.

Interent-saytlarda keltirilishicha, Qo’sh-Tepa Amudaryodan suv bilan to‘la boshlanganidan keyin birinchi oyda gidrotexnik inshoot devorlari suv oqimining bosimiga bardosh bera olmagan va kanaldan chiqqan katta hajmdagi suv yaqin atrofdagi hududga tarqalgan.

Qo’sh-Tepa kanalining o‘ng qirg‘og‘ida suv sizib chiqish joyining kosmik va foto suratlari

“O‘zbekkosmos” agentligi tomonidan Internet nashrlarida tarqatilayotgan Qo’sh-Tepa kanalidan suv sizib chiqishga oid xabarlar turli fazoviy o‘lcham aniqlikdagi multispektral kosmik suratlarning retrospektiv tahlili asosida o‘rganib chiqildi.

“O‘zbekkosmos” agentligi Qo’sh-Tepa kanali qurilishi dinamikasini kosmik monitoring orqali muntazam ravishda kuzatish natijasida qazish ishlari olib borilayotgan hududlarda 2022-yil may oyidan boshlab yer osti sizot suvlarining ko‘tarilishini aniqlagan.

Qurilish davomida kanalning to‘rtta qismida sunʼiy to‘siqlar qoldirilgan bo‘lib, ular birinchi bosqich ishlari yakunida 2023-yil 10-oktabrda to‘liq olib tashlangan va suv oqimi hosil bo‘lgan.

Kosmik monitoring natijasida 2023-yil 4-noyabr kuni Qo’sh-Tepa kanalining 75,6-km da o‘ng qirg‘oqning 30 m ga yaqin qismidan suv sizib chiqishi aniqlangan. 5-noyabr kuni suv tarqalgan hududning maydoni 19,5 km2, 25-noyabrda – 23,8 km2, 13-dekabr holatiga esa 30,3 km2 ni tashkil etib, suvni to‘xtatish choralari ko‘rilmagan.

Qo’sh-Tepa kanalidan sizib chiqqan suvning tarqalish hududi va maydonining kosmik suratlari

“Chegara bilmas daryolar” xalqaro ekologik koalitsiyasi ekspertlari fikriga ko‘ra, ushbu holat kanal devorlari Amudaryodan kelayotgan suv oqimining bosimiga bardosh bera olmaganligi natijasida yuzaga kelgan.

O‘z navbatida, kanal qurilishiga masʼul afg‘on muhandislari yer osti sizot suvlarining meʼyorini nazorat qilish maqsadida kanalning 75,6-km da suv maqsadli ravishda ochiq hududga yo‘naltirilganligini taʼkidlamoqda.

Qo’sh-Tepa kanali qurilishi dinamikasining kosmik monitoringi inshootning Amudaryodan suv olish qismida qazish ishlari yakunlanmaganligi, daryoga ulanish joyida hozirda 20 m ga yaqin qazilmagan hududning mavjudligini ko‘rsatmoqda.


Qo’sh-Tepa kanalining Amudaryodan suv olish qismida qazilmagan hudud va daryodan suv olish joyining kosmik suratlari

Shu bilan birga, o‘ta yuqori aniqlikdagi kosmik suratlarning tahlili natijasida sizot suvlarini tashqariga yo‘naltirish uchun kanal qirg‘og‘ida maqsadli ravishda qazish ishlari olib borilganligining (maxsus texnikaning ishlatilishi, qazib olingan tuproq hajmining paydo bo‘lishi va hokazolar) vizual belgilari aniqlanmadi.

Bundan tashqari, mavjud materiallar suv sizib chiqish joyi atrofida hozirda sizot suvlari kamayib, kanal tubi asta-sekin qurib borayotganligini ko‘rsatmoqda.

Shunday qilib, o‘tkazilgan tahlillar internet tarmog‘ida tarqatilayotgan “Chegara bilmas daryolar” xalqaro ekologik koalitsiyasi ekspertlarining Qo’sh-Tepa kanali qirg‘og‘i Amudaryodan olinayotgan suv oqimi natijasida yuvib ketilganligi to‘g‘risidagi maʼlumotlari haqiqatga mos kelmasligini, sizib chiqqan suv – sizot suvlari ekanligini tasdiqlaydi.