Mamlakatimiz Prezidenti 20 dekabr kuni Raqamli texnologiyalar vazirligiga tashrif buyurib, axborot texnologiyalari va raqamlashtirish sohasidagi erishilgan natijalar va rejalar bilan tanishdi.

Sana: 21.12.2023

Uchrashuv davomida “O‘zbekkosmos” agentligi Prezidentga 2023 yil davomida turli tarmoqlar bo‘yicha bajarilgan vazifalar to‘g‘risida hisobotni taqdim etdi.

2023 yilda 25 ta suv omborida loyqalanish darajasini aniqlash bo‘yicha ishlar amalga oshirildi. Har bir suv ombori hajmining yuqori aniqlikdagi raqamli modellari yaratildi. Loyqalanish darajasini aniqlash uchun suv hajmi bo‘yicha loyiha maʼlumotlari va batimetrik tadqiqot natijasida olingan haqiqiy maʼlumotlar taqqoslandi. Shuningdek, suv omborlaridagi suv sathini monitoring qilish va suvni muhofaza qilish hududlaridagi yerlardan noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlash ishlari ham amalga oshirildi.

Shuningdek, yer qaʼridan foydalanish sohasidagi 13 ta hududda kosmik suratlar yordamida noruda foydali qazilmalarni noqonuniy qazib olish holatlarini aniqlash ishlari olib borildi. Mazkur ishlar karyerlarning litsenziyalangan chegaralardan tashqariga chiqishni aniqlash, noqonuniy karyerlarni, shu jumladan suvni muhofaza qilish hududlaridagilarini aniqlash yo‘nalishlarini qamrab oldi.

Noruda materiallarni qazib olishning sunʼiy yo‘ldosh orqali monitoringi natijasida aniqlangan holatlar yer qaʼridan foydalanishni nazorat qilish uchun mo‘ljallangan yagona davlat raqamli tizimini ishlab chiqish va joriy etish zarurligini ko‘rsatadi. Taklif etilayotgan tizimning blok-sxemasi ham Davlat Rahbariga taqdim etildi.

Mazkur tizim nafaqat noruda materiallarni qazib olishni monitoring qilish va boshqarish vositasiga aylanadi, balki kelajakda mamlakatdagi tog‘-kon geologik faoliyatni nazorat qilish sohasidagi barcha jarayonlarni qamrab oladi va inson omilini butunlay yo‘q qiladi.

Tizim yuqori aniqlikdagi aerofotosurat maʼlumotlari va ish natijalarini fotofiksatsiya qilish asosida quriladi va barcha manfaatdor tomonlarni «bir darcha»da birlashtiradi.