• Агентство космических исследований и технологий при Кабинете Министров Республики Узбекистан
Dalalardagi noqonuniy yongʻinlar boʻyicha kosmik monitoring natijalari!

Sana: 11.07.2024

 

 

 

     Xabaringiz bor, Davlatimiz rahbarining tegishli qarori bilan “Oʻzbekkosmos” agentligi kosmik monitoringini amalga oshirish boʻyicha maxsus vakolatli davlat boshqaruvi organi hisoblanadi. Shuningdek, kosmik suratlarni qayta ishlash va tahlil qilish orqali iqtisodiyot sohalarida qonunbuzarlik holatlarini aniqlash ham agentlikning muhim funksiyalaridan biri sifatida belgilangan. 
Ayni shu vazifalardan kelib chiqqan holda “Oʻzbekkosmos” agentligi Respublikaning 8 ta viloyatida jami 926 ming 799,5 gektar maydonda ehtimoli yuqori boʻlgan bugʻdoy ekilgan yer maydonlarini kosmik suratlarni qayta ishlash orqali aniqladi. Ular Surxondaryo viloyatida 93 ming 717 gektar, Samarqand viloyatida 104 mingg 693 gektar, Namangan viloyatida 70 ming 62 gektar, Jizzax viloyatida 214 ming 843,2 gektar, Fargʻona viloyatida 95 ming 455,3 gektar, Andijon viloyatida 75 ming 369 gektar, Qashqadaryo viloyatida 145 ming 627 gektar.  
Joriy yilning may-iyun oylari davomida gʻalla-yigʻim mavsumi boshlanganini inobatga olsak, gʻalla oʻrib olingan maydonlarda ayrim fuqarolar tomonidan somon poyalari hamda uning qoldiqlarini yoqib yuborish kabi noqonuniy hatti-harakatlar sodir etilganini kuzatish mumkin. 

   

      Xususan, “Oʻzbekkosmos” agentligi davlat kosmik monitoringi doirasida joriy yilning 9-iyul sanasiga qadar Respublikadagi jami 23 ming 273 gektarlik boshoqli don ekinlaridan boʻshagan yer maydonlarida, somon poyalari va ularning qoldiqlari yonishi bilan bogʻliq 1 ming 960 ta holatni aniqladi. 
Bu hududlar kesimida quyidagicha taqsimlanmoqda. Xususan, Toshkent viloyatida 9 ming 638 gektar (439 ta holat), Surxondaryo viloyatida 5 ming 7 gektar (562 ta holat), Samarqand viloyatida 1 ming 711 gektar (191 ta holat)  Namangan viloyatida 2 ming 9 gektar (112 ta holat), Jizzax viloyati 931 gektar (54 ta holat), Fargʻona viloyatida 65 gektar (11 ta holat), Andijon viloyatida 3 ming 868 gektar (319 ta holat). 

 Kosmik monitoring natijalari O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va o‘rmon xo‘jaligi sohasidagi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi tomonidan joylarda o‘rganish ishlari bo‘yicha nazoratni amalga oshirmoqda.


     “Oʻzbekkosmos” agentligi ogohlantiradi: 
Gʻalladan boʻshagan maydonlarda somon poyasi yoqilishiga yoʻl qoʻygan javobgar shaxslarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi MJTKning 88-moddasi 3-qismi bilan bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa besh baravardan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solib, yerga va oʻsimlik dunyosiga yetkazilgan zararlar ham hisoblanib, tegishli tarzda undirib olinishi belgilangan.

     Qolaversa, bu kabi holatlar Yer kodeksining 40 va 79-moddasi, “Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Qonunning 17-moddasida koʻrsatib oʻtilganidek, fermer xoʻjaligiga ajratilgan yerlardan foydalanish va ularni muhofaza qilishda ekologik talablar va atrof-muhitni muhofaza qilish qoidalariga rioya qilish majburiyatlari bajarilmaganini ifodalaydi. Shuningdek, “Atmosfera havosini muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 24-modda talablari (korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning atmosfera havosini muhofaza qilish sohasidagi majburiyatlari) buzilganini bildiradi. 
Eslatib oʻtamiz, 1 gektar yer maydonida boshoqli don poyasi yoqilganida, atmosfera havosiga 500 gramm azot oksidi, 379 gramm uglevodorod, 3 kg kul, 20 kg is gazi va uglerod oksidi (SO) gazi tarqaladi. Bu esa inson organizmida sil va saraton kasalliklari kelib chiqishi, atrof-muhit ifloslanib, tuproq unumdorligi pasayishi kabi oqibatlarga olib keladi. 
     Maʼlumot uchun: Toshkent viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarish boshqarmasi Boʻka va Quyichirchiq tumanlari kesimida 13 ta holatlar boʻyicha oʻrganish ishlari olib borildi. Natijada, somon poya qoldiqlari yoqib yuborish holatlari aniqlandi, tegishli tartibda dalolatnomalar rasmiylashtirildi hamda tabiatga yetkazilgan zarar miqdori 309 010 843 soʻmni tashkil qildi. Bugungi kunda qanuniy qaror chiqarish uchun huquqni muhofaza qiluvchi orgonlarga taqdim etildi.