• Агентство космических исследований и технологий при Кабинете Министров Республики Узбекистан
“Butunjahon kosmos haftaligi” haqida eshitganmisiz?

Sana: 26.09.2024

“Butunjahon kosmos haftaligi” haqida eshitganmisiz?

Har yili oktabr oyining dastlabki 10 kunligida butun dunyoda kosmos mavzusiga bagʼishlangan yirik tadbirlar tashkil etiladi. Nega deysizmi, chunki 1957 - yil 4 oktyabrda Sobiq Ittifoq eng birinchilardan boʼlib oʼzining sunʼiy yoʼldoshini koinotga uchirgan. 1967-yil 10-oktabrda esa АQSh, Buyuk Britaniya va Sobiq Ittifoq oʼrtasida ayni yoʼnalishda maxsus shartnoma imzolangan. Shundan kelib chiqqan holda 1999-yilda BMT Bosh Аssambleyasi “Butunjahon kosmos haftaligi”ni nishonlash toʼgʼrisidagi rezolyutsiyani imzolagan.

Qariyb 25 yildan buyon mazkur sana va u bilan bogʼliq tadbirlar dunyoning har bir mamlakatida keng nishonlanadi. Har yili haftalik maʼlum bir shior ostida tashkil etiladi. Misol uchun oʼtgan yili “Kosmos va tadbirkorlik” gʼoyasi ilgari surilib, barchaga kosmos nafaqat ilmiy tadqiqotlar oʼtkaziluvchi soha balki moʼmaygina foyda keltiruvchi tijoriy platforma ham ekanligi qayd etilgan edi. 2024 yil uchun esa “Kosmos va iqlim oʼzgarishi” mavzusi tanlandi. Uning doirasida 90 dan ortiq mamlakatlarda 16 mingdan ziyod tadbirlar oʼtkazilishi rejalashtirilgan.

Аslida “Butunjahon kosmos haftaligi”ning asosiy maqsadi mazkur yoʼnalishda olib borilayotgan izlanish va yangiliklar bilan odamlarni yaqinroq tanishtirish, yangi texnologiyalar va loyihalarni oʼrganish, yoshlarni ushbu sirli olamga koʼproq jalb etish, xususan, butun dunyodagi talabalarni aniq fanlar, muhandislik, matematika va biznesni oʼrganishga ilhomlantirish va bu boradagi taʼlim dasturlarini yanada rivojlantirishdan iboratdir.

Oʼzbekistonda kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar bilan shugʼullanib kelayotgan “Oʼzbekkosmos” agentligi ham bu yil “Butunjahon kosmos haftaligi” doirasida oʼzining qiziqarli loyihalari bilan ishtirok etadi. Ular haqida batafsil keyingi xabarlarimiz orqali maʼlum qilamiz.

Ushbu haftalik doirasida oʼzining gʼoya va tashabbuslari bilan ishtirok etishni reja qilayotgan taʼlim muassasalari, umumtaʼlim maktabi, akademik litsey, universitet va institutlar, yirik kompaniya va korxonalarni hamkorlikka chaqirib qolamiz!

Murojaat uchun telefon: +998 97 140 15 27,  +998 90 940 04 98

“Oʼzbekkosmos” agentligi Аxborot xizmati