• Агентство космических исследований и технологий при Кабинете Министров Республики Узбекистан
Oʼzbekistonda “Butunjahon kosmos haftaligi” oʼtkaziladi!

Sana: 30.09.2024

Oʼzbekistonda “Butunjahon kosmos haftaligi” oʼtkaziladi!

“Oʼzbekkosmos” agentligi tashabbusi bilan joriy yilning 4 – 10 oktyabr kunlari mamlakatimizda “Butunjahon kosmos haftaligi” tadbirlari boʼlib oʼtadi. BMT Bosh Аssambleyasi tomonidan 1999 yilda imzolangan rezolyutsiyaga muvofiq, har yili oktyabr oyining dastlabki 10 kunligida dunyoning 100ga yaqin davlatlari mazkur sanani keng nishonlashadi.

“Oʼzbekkosmos” agentligi ham “Butunjahon kosmos haftaligi” doirasida koʼplab yirik loyihalarni amalga oshirmoqda. Xususan, 4 – 10 oktyabr kunlari “Tashkent City Mall” savdo – koʼngilochar markazida kosmos tarixiga bagʼishlangan maxsus koʼrgazma oʼz ishini boshlaydi. Qolaversa, bolajonlar uchun majmuadagi “Sky Park” tomonidan turli interaktiv shou oʼyinlar, tanlov va viktorinalar oʼtkaziladi.

Shu bilan birgalikda 5 – 6 oktyabr kunlari Toshkent shahridagi “Turin Politexnika Universiteti”da “Oʼzbekkosmos” agentligi va “NASA” hamkorligida tashkil etilayotgan yirik “NASA Space Apps Challenge 2024” xakatoni boʼlib oʼtadi. Unda 200 nafardan ziyod yoshlar 40ga yaqin jamoalarga boʼlingan holda oʼz loyihalarini ishlab chiqishadi.

Shuningdek, butun Respublika boʼyicha umumtaʼlim maktablari, akademik litsey va universitetlarda “Butunjahon kosmos haftaligi” mavzusiga bagʼishlangan ochiq darslar, suhbatlar, taqdimotlar va boshqa qator loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

“Butunjahon kosmos haftaligi”ning paydo boʼlish tarixi haqida avvalgi maqolamizda oʼqing!

“Oʼzbekkosmos” agentligi Аxborot xizmati