• Агентство космических исследований и технологий при Кабинете Министров Республики Узбекистан
Iqtisodiyot tarmoqlarida aerokosmik texnologiyalar joriy etiladi!

Sana: 14.10.2024

Kosmik tadqiqotlar sohasini yanada rivojlantirish va aerokosmik texnologiyalarni joriy etish orqali iqtisodiyot tarmoqlaridagi muammolarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2024–2026-yillarda iqtisodiyot tarmoqlarida aerokosmik texnologiyalarni joriy etish qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni (PF–155-son, 14.10.2024 y.) qabul qilindi.

Mazkur Farmonga muvofiq 2024–2026 yillarda iqtisodiyot tarmoqlaridagi muammolarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha samaradorlikni oshirish maqsadida quyidagilar davlat kosmik monitoringining ustuvor yo‘nalishlari etib belgilandi:

– yer uchastkalarining o‘zboshimchalik bilan egallab olinishi va bunday yer uchastkalarida bino va inshootlar qurilishi holatlarini aniqlash;

– o‘rmon bilan qoplangan maydonlarning chegaralarini belgilash va ularning holatini monitoring qilish;

– geologiya sohasida yer qa’ridan o‘zboshimchalik bilan foydalanish, foydali qazilmalar joylashgan maydonlardan asossiz ravishda va boshqa maqsadlarda foydalanish holatlarini aniqlash;

– mavjud chiqindilarni saqlash joylarida belgilangan hududdan tashqariga chiqish holatlarini, yangi paydo bo‘lgan noqonuniy chiqindi zonalarini aniqlash;

– suv omborlarining loyqa oqiziqlar bilan to‘lib borishini, suv sathi rejimini monitoring qilish;

– qishloq xo‘jaligi ekin yerlaridan samarali foydalanilishini o‘rganish, ekinlarning turlari hamda suv iste’moli hajmlarini aniqlash.

Ushbu Farmonga muvofiq:

2024–2026 yillarda iqtisodiyot tarmoqlarida davlat kosmik monitoringini amalga oshirish dasturi tasdiqlandi.

Dastur doirasida quyidagi maqsadli ko‘rsatkichlarga erilishi nazarda tutiladi:

– suv sathi rejimi monitoringi amalga oshiriladigan suv omborlarining sonini 50 taga yetkazish;

– qishloq xo‘jaligi ekin yerlari kesimida ekin yerlaridan foydalanishning joriy holatini ekinlarning turlari hamda haqiqatda ekin ekilgan maydonlarini qamrab olish;

– yer qa’ridan o‘zboshimchalik bilan foydalanish, foydali qazilmalar joylashgan maydonlardan asossiz va boshqa maqsadlarda foydalanish holatlarini aniqlash ishlari bilan respublikaning barcha hududlarini qamrab olish;

– o‘rmon bilan qoplangan barcha maydonlarning chegaralarini belgilash.

Shu bilan birga 2024–2026-yillarda O‘zbekiston Respublikasining kosmik sohasini rivojlantirish bo‘yicha yo‘l xaritasi ham tasdiqlandi. 

Bundan tashqari kosmik sohani rivojlantirish bo‘yicha 32 ta chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ham tasdiqlandi;

“O‘zbekkosmos” agentligi hamda Kosmik monitoring va geoaxborot texnologiyalari markazi 2025-yil 1-mayga qadar davlat kosmik monitoringi doirasida aniqlangan barcha ma’lumotlar “Space Gov Monitoring” markazlashgan yagona platformasida yuritilishi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar uchun sohaviy tegishliligi bo‘yicha sub-platformalar yaratiladi.

2025-yil 1-martdan boshlab yer qa’ridan foydalanish bo‘yicha masofaviy monitoring va risk-tahlil “Geomonitoring” axborot tizimi hamda SGM platformasi orqali amalga oshiriladi.

Farmonning elektron shaklini yuklab olish: https://www.lex.uz/uz/pdfs/7151133