• Агентство космических исследований и технологий при Кабинете Министров Республики Узбекистан
“Oʼzbekkosmos” vakillari Italiyada o’tgan xalqaro astronavtika kongressida faol ishtirok etishdi!

Sana: 21.10.2024

Joriy yilning 14 – 18 oktabr kunlari Italiyaning Milan shahri navbatdagi 75–Xalqaro astronavtika kongressiga mezbonlik qildi. Mazkur global forumda 120 ta davlatdan kosmik agentliklar va xalqaro tashkilotlar, ilmiy-ta’lim markazlari rahbarlari, jahon kosmik hamjamiyati vakillaridan iborat 11 mingdan ortiq ishtirokchilar qatnashishdi. Bu yilgi tadbir “Barqaror rivojlanish uchun mas’uliyatli makon” mavzusi ostida o‘tkazildi.

Kongressda “Oʼzbekkosmos” agentligi vakillari ham ishtirok etib, tematik yalpi majlislar, informativ ma’ruzalar, interfaol seminar va maxsus sessiyalar kabi muhim tadbirlarda faol qatnashib, 46 ta davlatdan 500 dan ortiq stendlar namoyish etilgan kosmik ko‘rgazma pavilyoniga ham tashrif buyurishdi.  

Ahamiyatli jihati, O’zbekiston delegatsiyasi a’zolari Xalqaro astronavtika federatsiyasi liderlari sammitida maxsus bayonot bilan ishtirok etdi. Qolaversa, “Oʼzbekkosmos” agentligi ekspertlari yer yuzasidagi o‘zgarishlar dinamikasini aniqlash va kuzatish maqsadida ishlab chiqilgan “Yerni masofadan zondlashning innovatsion usullari” nomli ilmiy ma’ruzalarini ham taqdimot qilishdi. Bu loyiha optik-elektron va radar kosmik tasvirlari orqali kadastr, seysmologiya hamda ekologiya sohalaridagi muammolarni hal etishga yaqindan yordam beradi.

Shuningdek, forum doirasida agentlik vakillari Xalqaro astronavtika federatsiyasi, Intersputnik xalqaro tashkiloti va shu kabi qator yirik xorijiy agentliklar rahbarlari bilan 30 dan ziyod manfaatli uchrashuvlarni o‘tkazishdi. Eng muhimi, robotlashtirilgan kosmik apparatlar va boshqa texnologiyalar yordamida Oyni tadqiq qilishga ixtisoslashgan Ispace (Yaponiya) kompaniyasi bilan oʻzaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Hamkorlikning yangi bosqichini ochib bergan mazkur global forumda bir qancha kosmik agentliklar va xususiy kompaniyalar bilan kosmik loyihalarni amalga oshirish borasida ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash bo’yicha ham o’zaro fikr almashildi. O‘zbekiston Respublikasining yerni masofadan zondlash milliy kosmik tizimini yaratish, uning kosmik va yer usti segmentlarining texnik jihatlarini ishlab chiqish, kosmik apparatlarni uchirish, mutaxassislarni tayyorlash va qo‘shma aerokosmik yo‘nalishlardagi kosmik dasturlarda ishtirok etish singari masalalar shular jumlasidandir.

Shu bulan birga xalqaro astronavtika kongressida “Oʼzbekkosmos” agentligi vakillari Ozarbayjon kosmik agentligi bilan yerni masofadan zondlash milliy kosmik tizimini yaratish bo‘yicha muhim tavsiyalar va o‘zaro manfaatli takliflarni o’rganishdi. AQShning “SpaceX” va Buyuk Britaniyaning “Surrey Satellite Technology” kompaniyalari O’zbekistonning milliy kosmik dasturni ishlab chiqishda ekspert maslahatlarini berishga tayyor ekanliklarini bildirishdi. Yaponiyaning Kyushu texnologik instituti – aerokosmik muhandislik yo‘nalishida mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha dastlabki o‘quv dasturiga kelishildi.

Eslatib o’tamiz, kongressning o’tgan yili Ozarbayjonda bo’lgan yig’ilishida mamlakatimiz tarixida ilk bora “O‘zbekkosmos” agentligi Xalqaro astronavtika federatsiyasiga toʻla huquqli aʼzo sifatida qo’shilgan edi.  

“O‘zbekkosmos” agentligi Axborot xizmati