• Агентство космических исследований и технологий при Кабинете Министров Республики Узбекистан
Suv omborlari toʼgʼonlarining siljish dinamikasi kosmik monitoring qilinadi!

Sana: 01.11.2024

“Oʼzbekkosmos” suv omborlari toʼgʼonlarining siljish dinamikasini kosmik monitoring qiladi!

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining "Suv omborlari to‘g‘onlarining zilzilabardoshligini doimiy radiolokatsion kosmik monitoring qilish tizimini joriy etish to‘g‘risida"gi qarori bilan endilikda suv omborlari toʼgʼonlarining zilzilabardoshliligini doimiy radiolokatsion kosmik monitoring qilish tizimi joriy etiladi. Yaʼni, "damba"larning siljish va choʼkish dinamikasi “Oʼzbekkosmos” agentligi tomonidan kosmik nazoratga olinadi.

Аmalga oshirilgan monitoring natijalari “Suv omborlarida seysmologik kuzatuvlarni amalga oshirish” elektron platformasiga integratsiya qilinadi. 

Mazkur elektron platformada suv omborlari boʼyicha kosmik monitoring natijalari, xususan, mavjud toʼgʼonlarning real holati, ulardagi siljish va choʼkish koʼrsatkichlari, toʼgʼonlarning seysmik mustahkamligi va favqulodda xavflilik darajasi kabi muhim maʼlumotlar jamlanadi. Jarayonlarni doimiy nazorat qilib borish maqsadida “Suv omborlari toʼgʼonlarining zilzilabardoshligi kosmik monitoringini oʼrganish komissiyasi” tashkil etiladi. 

Maʼlumki, suv omborlari toʼgʼonlarining mustahkamligi darajasini doimiy monitoring qilish ularning deformatsion-kuchlanganlik holatini baholashda muxim ahamiyat kasb etadi, sababi deformatsion-kuchlanganlik holatida toʼgʼon zilzilaga taʼsirchan boʼlib, eng zaiflashgan nuqtasida favqulodda vaziyat sodir boʼlgan taqdirda talofat yetishi ehtimoli ortib ketadi. 

Bu chora–tadbirlar orqali suv omborlaridagi toʼgʼonlarning mustahkamlik va yaroqlilik holatini doimiy oʼrganib borish, ularda kuzatilishi mumkin boʼlgan favqulodda vaziyatlarni oldindan tahlil qilish va ulardagi ehtimoliy siljishlarni aniqlash imkonini beradi. 

“Oʼzbekkosmos” agentligi Аxborot xizmati