Sana: 12.11.2024
Avval xabar berganimizdek, "O'zbekkosmos" agentligi kosmik texnologiyalar, astronavtika va muhandislikka qiziquvchi maktab o'quvchilari uchun "Cansat" loyihasini ishga tushirmoqda. Kuni kecha Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumani, “Yangi Hayot” aerodromida “CanSat” tipidagi sun’iy yo‘ldosh ishlab chiqish va uchirish bo‘yicha sinov tadbiri o‘tkazildi. Mazkur tajriba “O‘zbekkosmos” agentligi, “Sehriyo” maktabi va “Uzaerospace” hamkorligida tashkil etildi.
Loyihada 100 dan ortiq yoshlar qatnashib, o‘z bilim va ijodiy qobiliyatlarini sinovdan o‘tkazdilar. Yosh ixtirochilar tomonidan ishlab chiqilgan mini sun’iy yo‘ldosh modullari dronlar yordamida 200 metr va 500 metr balandlikka ko‘tarildi. Parvoz davomida modullar real vaqtda balandlik, harorat, bosim va inklinometriya kabi turli muhim ma’lumotlarni qayd etishga muvaffaq bo‘lishdi. Ushbu texnologik yutuqlar orqali ishtirokchilarning kosmik tadqiqotlarga ilk qadamlari qo‘yildi.
Tadbir doirasida yana bir qiziqarli voqea – maktab o‘quvchilari tomonidan yaratilgan pnevmo-gidro raketalarning uchiruv tanlovi ham bo‘lib o‘tdi. Yoshlarning o‘z qo‘llari bilan tayyorlagan raketalari osmon uzra ko‘tarilib, ularning ilm-fanga bo‘lgan ishtiyoqini yanada yuksaklarga olib chiqdi.
Ushbu tadbir yosh avlodni aerokosmik texnologiyalar olamiga qiziqtirish, ularning ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish va ilmiy ishlanmalarni amalga oshirish uchun samarali maydon yaratdi.
“O’zbekkosmos” agentligi Axborot xizmati