• Агентство космических исследований и технологий при Кабинете Министров Республики Узбекистан
Uzcosmos Jizzax viloyatining qishloq xo‘jaligi yerlarini sun’iy yo‘ldosh orqali monitoring qiladi!

Sana: 04.04.2025

Mamlakatimiz iqtisodiyotning turli sohalari rivoji uchun ilg’or kosmik texnologiyalarni qo’llab kelayotgan Uzcosmos agentligi bir necha yillardan buyon yerni masofadan zondlash dasturi orqali unikal bo‘lgan “Davlat kosmik monitoring” tizimida faoliyat olib bormoqda. Unga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi, suv xo‘jaligi, yer munosabatlari (Kadastr), o‘rmon xo‘jaligi, ekologiya va geologiya yo‘nalishlarida sun’iy yo‘ldoshlardan olingan kosmik suratlarni qayta ishlash orqali yuqori aniqlikdagi ma’lumotlar tarmoqlarga taqdim etilayapdi. Bu borada esa agentlik vakillari doimiy tarza Respublikaning turli hokimlik va idoralari bilan uchrashuv va taqdimotlarni o‘tkazishmoqda.     

Xususan, Jizzax viloyati hokimligida o‘tgan navbatdagi uchrashuvda hududning qishloq xo‘jaligi sohasiga zamonaviy texnologiyalar, jumladan, kosmik monitoring vositalarini joriy etish masalasi muhokama etildi. Uchrashuvda viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Zafar Ro‘ziyev, Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi boshqarma boshlig‘i Ulug‘bek Raximov, shuningdek, Kosmik monitoring va geoaxborot texnologiyalari markazi rahbar va mutaxassislari ishtirok etishdi.

Muhokamalarda quyidagi yo‘nalishlar bo’yicha takliflar ko‘rib chiqildi:

- Qishloq xo‘jaligi yerlarining holatini masofadan turib monitoring qilish, ularning unumdorligini baholash, ekin maydonlarini aniqlik bilan kuzatish imkoniyatlari;

- “Ochiq portal” platformasi orqali real vaqt rejimida ma’lumotlarni shakllantirish, tahlil qilish va aniqlangan muammolarga tezkor choralar ko‘rish mexanizmlari;

- Noqonuniy va o‘zboshimchalik bilan egallangan yer maydonlarini aniqlash bo‘yicha sun’iy yo‘ldosh tasvirlaridan foydalanish imkoniyatlari.

Ta’kidlanganidek, ushbu texnologiyalar orqali qishloq xo‘jaligi sohasida resurslardan oqilona foydalanish, hosildorlikni oshirish, hamda yerlarni nazorat qilish va boshqarishning shaffof mexanizmlarini yaratish mumkin bo‘ladi.

Qayd etish lozim, bu ishlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-oktabrdagi “2024 – 2026-yillarda iqtisodiyot tarmoqlarida aerokosmik texnologiyalarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Farmoni ijrosini ta’minlash doirasida amalga oshirilmoqda.

Uchrashuv yakuni bo‘yicha Jizzax viloyati hokimligi hamda Uzcosmos agentligi o‘rtasida viloyatda kosmik monitoring asosida yer resurslaridan samarali foydalanishni tashkil etish yuzasidan hamkorlik bo‘yicha kelishuv imzolandi.