• Агентство космических исследований и технологий при Кабинете Министров Республики Узбекистан
Uzcosmos vakillari “Space Technology Conference - 2025”da ishtirok etishmoqda!

Sana: 24.04.2025

Bugun Ozarbayjonning Boku shahrida “Space Technology Conference - 2025” xalqaro anjumani o‘z ishini boshladi. 24 – 25 aprel kunlariga belgilangan mazkur nufuzli tadbirda Yaqin Sharq, Yevropa, Osiyo, Shimoliy va Janubiy Amerika va Afrika kabi mintaqalardan  40 dan ortiq mamlakatning 400 nafardan ziyod ekspertlari, shuningdek, kosmik tarmoq bo‘yicha 130 ta kompaniya ishtirok etmoqda. 

Unda Uzcosmos vakillari o‘z taqdimotlari bilan qatnashib, O‘zbekistoning kosmik tadqiqotlar borasidagi faoliyati hamda yangi loyihalari bilan yig’ilganlarni yaqindan tanishtirishdi.      
Qayd etish lozim, mazkur muloqot maydoni kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar bozorining rivojlanish tendensiyalarini muhokama qilish, mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, o‘zaro bilim va tajriba almashish, sun’iy yo‘ldosh imkoniyatlaridan ijtimoiy – iqtisodiy sektorlar yo‘nalishida samarali foydalanish, sohaga yangi innovatsiya va loyihalarni joriy qilish kabi global kosmos sanoatining trenddagi mavzularini ko‘rib chiqishga ko‘mak berishi bilan ahamiyatlidir. 

“Space Technology Conference - 2025” xalqaro anjumani doirasida Uzcosmos agentligi va uning muassisligidagi Kosmik monitoring va geoaxborot texnologiyalari markazi faoliyati, taklif etayotgan xizmatlari aks etgan maxsus ko‘rgazma stendi ham tashkil etildi. 

Uzcosmos agentligi Axborot xizmati