• Агентство космических исследований и технологий при Кабинете Министров Республики Узбекистан
Uzcosmos "CanSat Uzbekistan-2025" musobaqasining final bosqichini o‘tkazdi!

Sana: 05.05.2025

Yoshlar o‘rtasida kosmik texnologiyalar, astronavtika va muhandislikka bo‘lgan qiziqishni yanada orttirish, ularning bu boradagi g‘oya, tashabbus hamda ixtirolarini qo‘llab – quvvatlash maqsadida Uzcosmos agentligi, Birlashgan millatlar tashkilotining oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) va "Sehriyo" maktabi bilan hamkorlikda "CanSat Uzbekistan-2025" musobaqasining final bosqichini Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanida joylashgan “Yangi hayot” ochiq uchish aerodromida o‘tkazdi.

Unda 250 nafarga yaqin umumta’lim maktab o‘quvchilari va oliygoh talabalaridan tashkil topgan 9 ta jamoa o‘zlari yaratgan mikrosputniklarni o‘quv raketalari yordamida balandlikka uchirib, havo harorati, masofa va bosim nazorati kabi birlamchi ma’lumotlarni qabul qilib olish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.

Uzcosmos agentligi tashabbusi bilan tashkil etilayotgan mazkur loyiha “STEM” ta’lim yo‘nalishida kadrlar tayyorlashning interaktiv usullaridan biri bo‘lib, yoshlarning ilmiy va ijodiy qobiliyatlarini yanada rivojlantirish, ularni aerokosmik sohaga jalb qilish, bu orqali yangi avlod kosmik muhandislarini yetishtirishda muhim ahamiyatga ega.   

Qayd etish lozimki, "CanSat Uzbekistan-2025" musobaqasining final bosqichida “Muhammad al – Xorazmiy nomidagi Toshkent Axborot texnologiyalari” universiteti, “Toshkent Davlat transport” universiteti, “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari” instituti, “Yangi O‘zbekiston” universiteti, “Mirzo Ulug‘bek nomidagi Milliy universitet", “Sehriyo” va “Al-Beruniy school” maktablaridan jamoalar qatnashishdi.  

Musobaqa yakunida oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida 3-o‘rinni Toshkent davlat transport universiteti va Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti jamoalari egallashdi. 2-o‘rin Muhammad al – Xorazmiy nomidagi Toshkent Axborot texnologiyalari universiteti talabalariga nasib etdi. 1-o‘ringa esa “Yangi O‘zbekiston” universiteti loyiq ko‘rildi. Shu kabi maktablar o‘rtasida 2-o‘rin “Al-Beruniy” maktabiga, 1-o‘rin “Sehriyo” maktabiga berildi.  

Ma’lumot uchun:
“CanSat” bu kichik konserva idishi hajmidagi mini sun’iy yo‘ldosh bo‘lib, ilk bor bu loyiha 1990-yili AQSHda, “NASA” va Amerika universitetlari hamkorligida tashkil etilib, yoshlarning kosmik missiyalarda ishtirok etish ko‘nikmasini oshirishga qaratilgan. Bugunga kelib esa “CanSat” uchirish musobaqalari Rossiya, Xitoy, Angliya, Fransiya, AQSH, Yaponiya, Hindiston, Turkiya, Ozarbayjon kabi ko‘plab davlatlarda muntazam o‘tkazilmoqda va millionlab o‘g‘il – qizlarni qamrab olmoqda. Uzcosmos  agentligi tashabbusi bilan esa O‘zbekiston ham mazkur mamlakatlar qatoriga qo‘shildi.

Uzcosmos agentligi Axborot xizmati