• Агентство космических исследований и технологий при Кабинете Министров Республики Узбекистан
Uzcosmos va “Oʻzagroinspeksiya” o‘rtasida hamkorlik bitimi imzolandi!

Sana: 07.05.2025

Ma’lumki, qishloq xo‘jaligi mamlakatning asosiy iqtisodiy tarmog’i hisoblanadi. U YaIMning qariyb 30 foizini egallaydi, jami aholining 30 foizdan ortig‘ini ish bilan ta’minlaydi, qashshoqlikni kamaytirishga hissa qo‘shadi. Bugungi kunga qadar qishloq xo‘jaligida 20 million gektardan ortiq yer, jumladan, 3,2 million gektar sug‘oriladigan ekin maydonlarida aholi ehtiyojlari uchun oziq-ovqat mahsulotlari, iqtisodiyot tarmoqlari uchun zarur xomashyo yetishtirilmoqda.  

Mazkur sohaning barqarorligini ta’minlash, har qarich yerdan unumli foydalanishni zamonaviy axborot dasturlari hamda kosmik texnologiyalar yordamida nazorat qilish esa bu boradagi eng muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Ayni shu maqsadda Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi Uzcosmos hamda Agrosanoat majmuasi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi “Oʻzagroinspeksiya” o‘rtasida o‘zaro hamkorlik bitimi imzolandi.   

Unga ko‘ra tomonlar qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlardan foydalanishning joriy holatini doimiy kuzatib borish, paxta, bugʻdoy va boshqa ekin turlarini sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan foydalangan holda monitoring qilish hamda haqiqatdan ekilgan ekin maydonlarini aniqlash kabi qator yo‘nalishlarda birgalikda ishlashlari belgilandi.

Qayd etish lozim, Uzcosmos bir necha yillardan buyon Davlat kosmik monitoringi tizimi orqali qishloq xoʻjaligi tarmog’ida samaradorlikni oshirishga hissa qo‘shib kelmoqda. Xususan, hozirga qadar agentlik sun’iy yo‘ldoshlardan olingan suratlarni qayta ishlash natijasida Fargʼona, Аndijon, Namangan, Toshkent, Jizzax, Samarqand, Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlarida 967 ming gektar bugʼdoy hamda 597 ming gektar paxta unib chiqqan maydonlar aniqlangan.

Qolaversa, unumdor yerlaridan samarali foydalanishni nazorat qilish maqsadida yuqoridagi 8 ta viloyat kesimida 56 ming 521 gektar foydalanilmay yotgan ekin maydonlari mavjud ekanligi qayd etilgan. Ahamiyatlisi, monitoring davomida 8 ta viloyat kesimida jami 86 ming 107 gektar zaxira yerlaridan foydalanish bilan bogʼliq 27 ming 266 ta holat ham aniqlangan.

Uzcosmos va “Oʻzagroinspeksiya” o‘rtasida imzolangan hamkorlik memorandumi qishloq xo‘jaligi yerlarining holatini masofadan turib monitoring qilish, ularning unumdorligini baholash, ekin maydonlarini aniqlik bilan kuzatish, noqonuniy va o‘zboshimchalik bilan egallangan yer maydonlarini aniqlash va bu orqali qishloq xo‘jaligi sohasida resurslardan oqilona foydalanish, hosildorlikni oshirish, yerlarni nazorat qilish va boshqarishning shaffof mexanizmlarini yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi.  

Uzcosmos agentligi Axborot xizmati