• Агентство космических исследований и технологий при Кабинете Министров Республики Узбекистан
Uzcosmos va Bosh prokuratura o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi!

Sana: 23.05.2025

Ma’lumki, bugungi kunda ekologik barqarorlikni ta’minlash, atrof-muhitni muhofaza qilish masalasi barcha davlatlar oldidagi eng muhim masalalardan biriga aylanmoqda.  Sababi, mazkur yo‘nalishdagi qonunbuzilish holatlari hamda jinoyatlarning global miqyosdagi qiymati har yili taxminan 200 mlrd. AQSH dollariga baholanyapdi. Bu esa ekologik bioxilma-xillikning yo‘qolishi, odamlar salomatligiga salbiy ta’sirlar, iqtisodiy zarar va iqlim o‘zgarishining tezlashishiga olib kelishi bilan xavflidir.

Mamlakatimizda ham shaxsan Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ushbu ekologiya masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Xususan, atrof-muhitni ifloslantirish, daraxt kesish, noqonuniy ov, brakonyerlik, noqonuniy qazilma ishlari, yovvoyi hayvonlar va o‘simliklarning noqonuniy savdosi, sohadagi korrupsion holatlarga qarshi kurashishda muhim vazifalar belgilangan. 

Ayni shu jihatlarni inobatga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi hamda Uzcosmos agentligi o‘rtasida Respublikada ekologik xavfsizlikni ta’minlash, huquqbuzarliklarga qarshi kurashish, nazorat tadbirlari, tergovga qadar tekshiruv va surishtiruv jarayonlariga aerokosmik texnologiyalarni joriy etish, Davlat kosmik monitoringi tizimi orqali shaffof va yuqori aniqlikdagi ma’lumotlardan foydalanish bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolandi. 

Unga ko‘ra, endilikda tomonlar tizimli ravishda axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yib, ekologik xavflar va muammolar darajasini aniqlash, huquqbuzarliklarni fosh etish hamda ularning oldini olishda bir qator yo‘nalishlarda birgalikda ishlashlari belgilandi. Jumladan:

– yashil hududlarning qisqarishi va daraxtlarning kesilishi holatlari monitoring qilish;
– o‘rmon fondi yerlarida yer uchastkalarining o‘zboshimchalik bilan egallab olinishi, noqonuniy bino va inshootlar qurilish holatlarini aniqlash;
– noqonuniy qazish ishlari, shu jumladan daryo o‘zanlari va suvni muhofaza qilish zonalarida noruda materiallari qazib olinishini monitoring qilish; 
– daryo o‘zanlarini to‘planib qolgan noruda materiallardan tozalash va qirg‘oqlarni mustahkamlash ishlari amalga oshirilayotgan uchastkalarda loyihadan chetga chiqish, noqonuniy qazib olish holatlarini monitoring qilish;
– noruda foydali qazilma konlarida haqiqatda qazib olingan hajmni aniqlash maqsadida aerokosmik marksheyderlik ishlarini amalga oshirish;
– mavjud chiqindilarni saqlash joylarida belgilangan hududdan tashqariga chiqish holatlari, noqonuniy chiqindi poligonlarini monitoring qilish;
– boshoqli don ekinlaridan bo‘shagan (o‘rimdan so‘ng) yer maydonlarida somonpoyalari va ularning qoldiqlarini yoqish (dalalar yoqilishi) holatlarini monitoring qilish.

Bir so‘z bilan aytganda, mazkur manfaatli hamkorlik natijasida ekologik madaniyat, tabiatga javobgarlik hissi va resurslarga tejamkor munosabatni yanada kuchaytirish hamda nazorat samaradorligini oshirishga erishish mumkin bo‘ladi.

Uzcosmos agentligi Axborot xizmati