O‘zbekiston va Koreya mutaxassislari kosmik fazoni tadqiq etish bo‘yicha loyihalarni amalga oshiradi

Sana: 16.02.2021

Joriy yilning 16 fevral kuni O‘zbekistonning Janubiy Koreyadagi elchixonasi ko‘magi bilan O‘zbekiston-Janubiy Koreya ishchi guruhining kosmik fazoni tadqiq etish va undan tinchlik maqsadlarida foydalanish sohasidagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha videokonferensiya shaklida birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda «O‘zbekkosmos» agentligi mutaxassislari, Koreya Respublikasi Fan va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vazirligi, Koreya aerokosmik tadqiqotlar instituti (KARI), "SI Imaging Services" sunʼiy yo‘ldosh bilan ishlash bo‘yicha Janubiy Koreya mutasaddilari ishtirok etdi. Tomonlar kosmik fazoni tadqiq etish va undan tinchlik maqsadlarida foydalanish sohasidagi hamkorlikni yanada faollashtirish masalalarini muhokama qildi. Janubiy Koreyaning taʼlim muassasalarida o‘zbekistonlik mutaxassislar uchun kosmik fanlar bo‘yicha magistrlik, shuningdek qisqa va uzoq muddatli o‘quv kurslarini kelgusida tashkil etish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.