Davlat tili boʻyicha umumiy ma’lumotlar

Davlat tili – har bir davlat va jamiyat uchun kuch-qudrat va ilhom manbai, qalb koʻzgusi hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonuni 1989-yil
21-oktabrda, mustaqilligimiz e’lon qilinishidan 2 yil avval qabul qilingan. O‘sha davrda o‘zbek tili davlat tili sifatida xalqimizni birlashtiradigan, ulug‘ maqsadlar sari safarbar etadigan qudratli kuch bo‘lib, mustaqilligimiz sari qo‘yilgan birinchi qadam edi.

Mustaqillikka erishganimizdan soʻng, hukumatimiz tomonidan oʻzbek tilini rivojlantirish, unga boʻlgan hurmatni yuksaltirish, xalqimiz, xususan yoshlar ongida oʻzbek tiliga boʻlgan muhabbatni shakllantirish, davlat idoralari, korxona, tashkilotlar va ommaviy axborot vositalarida davlat tili sifatida oʻzbek tilini birinchi darajaga olib chiqish boʻyicha salmoqli ishlar bajarildi.

Xususan, 

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining eski va yangi tahrirlarida ham “O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tili” ekanligi belgilab qoʻyilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-oktabrda “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga binoan 21-oktabr – “O‘zbek tili bayrami kuni” deb belgilandi.

O‘z navbatida, 2020-yil 10-aprelda “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 20-oktabrda “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.

Bundan tashqari, o‘zbek tilini yanada rivojlantirishga qaratilgan uchta muhim hujjat:

  • 2020–2030 yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi;
  • 2020-2030 yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasini 2020-2022 yillarda amalga oshirish dasturi;
  • 2020-2030 yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari tasdiqlandi.

“O‘zbekkosmos” agentligi tomonidan davlat tili boʻyicha amalga oshirilgan ishlar.

O‘zbek tili – O‘zbekiston Respublikasi aholisining mutlaq ko‘pchiligi bo‘lmish o‘zbek xalqining ona tilidir. U O‘zbekiston birligi va yaxlitligi, jamiyat jipsligining muhim omili ham hisoblanadi. Ma’lumki, davlat tili siyosiy, ijtimoiy va madaniy sohalarda xalqni birlashtiruvchi qudratli vosita sanaladi. Hozirgi vaqtda yer yuzida o‘zbek tilida so‘zlashuvchilar soni qariyb 60 million kishini tashkil etishi esa uning dunyodagi yirik tillardan biriga aylanib borayotganidan dalolat beradi.

“O‘zbekkosmos” agentligi tomonidan Vazirlar Mahkamasi tarkibida faoliyat yuritayotgan, Davlat tilini rivojlantirish departamentining barcha davlat idoralari uchun belgilab berilgan vazifalar va chora-tadbirlari ijrosi ta’minlangan.

Jumladan,

  • Agentlikning rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari to‘liq lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida yuritilmoqda;
  • tashkiliy farmoyish hujjatlari, shartnoma va turli blanka shakllari to‘liq lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga oʻtkazilgan;
  • Agentlikning rasmiy nomi, peshlavhalar, stend, ommaviy targ‘ibot vositalari, reklama va eʼlonlar to‘liq lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida yozilishi taʼminlandi;
  • 2022-yildan boshlab Agentlikda ish yuritish hujjatlarini lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida ishlab chiqish, qabul qilish va eʼlon qilish amaliyotini to‘liq joriy etilgan.

Shu bilan birga, 

  • Agentlik hamda uning tizimidagi korxona va tashkilotlarda davlat tilida ish yuritilishini yanada takomillashtirishga qaratilgan ishlarni muvofiqlashtirish;
  • Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi bilan hamkorlikda Agentlik va uning tizimidagi korxona va tashkilotlar xodimlarini “Davlat tilida ish yuritish asoslari” bo‘yicha malakasi oshirilishini tashkil etish;
  • Agentlik tomonidan ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining lingvistik ekspertizadan oʻtkazilishini ta’minlash ishlari yoʻlga qoʻyilgan.