Ma’naviyat va ma’rifat ishlari boʻyicha amalga oshirilgan ishlar

Maʼnaviyat va ma’rifat - insonlarning ruhiy va aqliy olamini ifodalovchi tushuncha boʻlib, falsafiy, huquqiy, ilmiy, badiiy, axloqiy, diniy tasavvurlarini oʻz ichiga oladi. Maʼlumki, insonlarning tashqi va ichki olami mavjud. Kishining boʻybasti, koʻrinishi, kiyinishi, xatti-harakati va boshqalar tashqi olami sifatida koʻrilsa, uning yashashdan maqsadi, fikr yuritishi, orzu-istaklari, intilishlari, his-tuygʻulari ichki olami hisoblanadi.

Bugungi kunda mamlakatimizda insonlarning ana shu ichki olamini yanada boyitish, ularga ruhiy ozuqa va kuch-qudrat berish, jamiyat va millatning ravnaq topishida koʻmaklashish maqsadida Hukumatimiz tomonidan maʼnaviy va ma’rifiy sohalarda salmoqli ishlar amalga oshirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1999-yil 3-sentabrda “Respublika ma’naviyat va ma’rifat kengashini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi PF-2385-son Farmoni imzolangan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 25-avgustdagi “Milliy g‘oya targ‘iboti va ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish to‘g‘risida”gi PQ-451-son Qarori bilan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashi negizida Respublika Ma’naviyat targ‘iboti markazi hamda Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi alohida tashkilot sifatida ish boshladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 28-iyulda “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish va sohani rivojlantirishni yangi bosqichga ko‘tarish to‘g‘risida”gi PQ-3160-son Qaroriga asosan Respublika Ma’naviyat targ‘iboti va Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazlari faoliyati umumlashtirilib, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-martda “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-5040-son qarori asosida Ma’naviyat va ijodni qo‘llab-quvvatlash maqsadli jamg‘armasi, Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti tuzildi. Oyina.uz ma’naviy-ma’rifiy portali ochildi.

“Oʻzbekkosmos” agentligi tomonidan ma’naviyat va ma’rifat ishlari boʻyicha amalga oshirilgan ishlar

O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari boʻyicha 2023-yilga moʻljallangan ish rejaga asosan, “O‘zbekkosmos” agentligi tomonidan ma’naviy-ma’rifiy yoʻnalishlarda quyidagi ishlar olib borildi:

Oʻzbekiston Respublikasi milliy bayramlari nishonlanadigan muhim sanalar munosabati bilan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, oliy ta’lim muassasalari hamda boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, ijodiy uchrashuvlar tashkil qiligan.

Har haftada mehnat jamoasi oʻrtasida umumiy ochiq yigʻilish tadbirlari oʻtkazilib, Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi Qonunining mazmuni, davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarining odob-axloq namunaviy qoidalari, davlat xizmatining obroʻsiga putur yetkazishi mumkin boʻlgan xatti-harakatlardan tiyilish, axloq normalariga doimiy rioya qilish, murakkab vazifalarni bajarishda hamkasblariga koʻmaklashish masalalari muhokama qilinadi.

Shuningdek, joriy xaftada oʻtkazilgan umumiy ochiq yigʻilish davomida Agentlik va uning tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlarning asosiy qismi yosh yigit va qizlardan iborat ekanligini inobatga olib, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 205-moddasi “Mansab vakolatini suiiste’mol qilish” toʻgʻrisida soʻz yuritilib, mansabdor shaxslarning oʻz mansab vakolatlaridan qasddan foydalanishi fuqarolarning huquqlariga yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlariga yoxud davlat yoki jamoat manfaatlariga koʻp miqdorda zarar yoxud jiddiy ziyon yetkazilishiga sabab boʻlganda jinoiy javobgarlik masalasi kelib chiqishi, ehtimoliy sodir etilishi mumkin boʻlgan holatlar, ularning huquqiy va ma’naviy oqibatlari hamda oldini olish choralari yuzasidan tushuntirishlar berildi.

Bundan tashqari, Agentlik va uning tizimidagi tashkilot xodimlarining nafaqat ish vaqtini, balki ishdan boʻsh vaqtlarini ham mazmunli oʻtkazishlarini ta’minlash maqsadida, turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar va tabiat qoʻyniga sayohatlar, respublikamizdagi muzeylar va boshqa madaniy ob’yektlariga tashriflar rejalashtirilgan boʻlib, 2023-yilning 18-19-iyun kunlari mehnat jamoasining tabiat qoʻyniga tashrifi (Team building) amalga oshirildi. Ushbu tashrif davomida barcha xodimlar ishtirokida madaniy tadbirlar tashkil etilib, sport musobaqalari oʻtkazildi.