Birinchi “Space Technology Conference STC-2022” xalqaro kosmik konferensiyasi

2022-yil 10-11-may kunlari “O‘zbekkosmos” agentligi tomonidan Britaniyaning Dialogue Events Ltd kompaniyasi bilan birgalikda. Toshkentda “Kosmik texnologiyalar va ularning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishdagi o‘rni” mavzusiga bag‘ishlangan “STC-2022” kosmik texnologiyalari bo‘yicha birinchi xalqaro konferensiyasi o‘tkazildi.

Mazkur xalqaro konferensiyada 7 ta xorijiy davlat kosmik agentliklari va tegishli idoralarining rahbar va mutaxassislari, 30 ga yaqin vazirlik va idoralar (Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Mudofaa vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi,  Innovatsion rivojlantirish vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi, va boshqalar) rahbar va bo‘linma boshliqlari darajasida ishtirokchilar, 30 dan ortiq yetakchi xorijiy kosmik kompaniya va tashkilotlardan 100 dan ortiq xorijiy ekspertlar ishtirok etishdi.

Konferensiya “Markaziy Yevroosiyoda kosmik texnologiyalarni ijtimoiy-iqtisodiy barqaror rivojlanish uchun qo‘llash”, “Barqaror rivojlanishda Yer yuzini kuzatishning o‘rni: qo‘llanish sohalari va xizmatlar”, “Yangi sunʼiy yo‘ldosh texnologiyalari: loyiha, ishlab chiqarish, uchirish”, “Sunʼiy yo‘ldoshli aloqa: hukumat, biznes, isteʼmolchi”, “Sunʼiy yo‘ldosh va uchuvchisiz uchish apparatlari qo‘llanish sohalari va xizmatlar: o‘zaro bog‘liq dunyoda xavfsiz, samarador va barqaror faoliyatni yo‘lga qo‘yish”, “Kosmik fazoning barqaror rivojlanishi” kabi mavzularga bag‘ishlangan sessiyalarni qamrab oldi.