“O‘zbekkosmos” agentligida AQSH elchixonasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, unda bir qator loyihalarni amalga oshirish muhokama qilindi

Sana: 26.02.2024

Joriy yilning 23 fevral kuni “O‘zbekkosmos” agentligida AQSH elchixonasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda tomonlar kosmos sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini muhokama qildilar.

AQSH kosmik sanoatining yetakchilaridan biri sifatida dunyoda kosmik texnologiyalarni rivojlantirishda muhim rol o‘ynaydi.

Xususan, O‘zbekistonda yerni masofadan zondlash ma’lumotlarini taqdim etish va geoaxborot texnologiyalari sohasida yetakchi hisoblangan “Maxar”, “Esri”, “Planet” kabi kompaniyalar faol ish olib borishadi. Ayni paytda “O‘zbekkosmos” agentligi tomonidan kosmik monitoring va kosmik texnologiyalar sohasida yangi yo‘nalishlar keng rivojlanmoqda.

Bo‘lib o‘tgan uchrashuvda hamkorlikni yanada kengaytirishning yangi va istiqbolli yo‘nalishlari, xususan, sun’iy yo‘ldosh navigatsiyasi yo‘nalishi va GPS navigatsiya tizimi, USGS va NASA bilan hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi.

“O‘zbekkosmos” Kaliforniya shtatida qishloq xo‘jaligida suv resurslaridan samarali foydalanish sohasida tajriba almashishdan manfaatdorligini bildirdi.

O‘zbekistonlik bir necha talabalar AQSHda kosmos yo‘nalishida tahsil olmoqda. “O‘zbekkosmos” hamkorlikda 2 yildan buyon Nasa Space Apps Hakathon ko‘rgazmasini muvaffaqiyatli o‘tkazib kelmoqda. Shu maqsadda AQSH bilan Ta’limni rivojlantirish, kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash bilan bog‘liq masalalarga alohida e’tibor qaratilib, tomonlar ta’lim va fan sohasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga kelishib oldilar.

Elchixona vakillari Agentlik tomonidan amalga oshirilgan ishlarni yuqori baholab, hamkorlikni rivojlantirish, jumladan, suvning kosmik monitoringi, resurslar, qishloq xo‘jaligi, atrof-muhit geologiyasi va boshqa sohalarda aloqalarni o‘rnatishda har tomonlama yordam berishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.